“Shoir-bastakor-xonanda” uchligi doirasida ishlash – Zomin seminari yangiligi
Shu yilning 5-8 iyul kunlari respublika yosh ijodkorlarining Zomin seminarida bo‘lib qaytdim. Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilgan tadbir, mana yigirma to‘rt yildirki, an’anaga aylanib, o‘zgacha ruhda o‘tkazib kelinmoqda. To‘rt kun davom etgan seminarning taassurotlari to‘rt oy so‘zlasam ham ado bo‘lmaydigandek.
Zomin tog‘larining so‘lim O‘riklisoy maskanida joylashgan oromgoh to‘rt kun davomida she’rdan hayratlandi, hayratlardan esa she’rga aylandi. O‘z bag‘riga yuksak ko‘ngil egalari bo‘lgan ijod ahlini joylagan Zomin tog‘larida go‘zal ash’orlar aks-sado berdi.
Seminarda “Ustoz-shogird” an’anasiga ko‘ra, yosh ijodkorlarning mashqlari tahlil qilindi va ularga ustozlar tomonidan yo‘l-yo‘riqlar ko‘rsatildi. Adabiyotshunos olimlardan Nurboy Jabborov, Qozoqboy Yo‘ldoshev, Ahmadjon Meliboyev, shoirlardan Sirojiddin Sayyid, Mahmud Toir, Aziz Said, Sirojiddin Rauf, Salim Ashur, Zebo Mirzo, Xosiyat Rustamova, Nodir Jonuzoq, Orif To‘xtash, nosirlardan Isajon Sulton, Shoyim Bo‘tayev, Abduqayum Yo‘ldoshev kabi ustozlar biz, shogirdlariga erinmasdan, og‘rinmasdan, xatolarimizni tushuntirgan holda mashg‘ulot o‘tishdi.
Zomin seminariga borgan har bir yoshning ijodi o‘ziga xos bir olam ekanligi ustozlar tomonidan ta’kidlandi. Bu viloyatlardagi hududiy saralash bosqichlari adolatli tarzda o‘tganligidan dalolat beradi. Biz viloyatimiz sha’nini himoya qilish istagida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Samarqand viloyati bo‘limi raisi Toshpo‘lat Tugalov tashkilotchiligida ikki shoir va ikki nosir Zomin zaminiga qadam qo‘yib, katta davralarda Samarqand adabiy muhiti haqida tasavvur berishga intildik. Ustozlar bizning ijodimizni ham e’tirof etishdi.
To‘rt kun davom etgan katta anjuman nazm va navo kechasiga aylanib ketdi. Shuningdek, mazkur yilda Zomin seminari dasturiga yangilik sifatida kiritilgan “Shoir-bastakor-xonanda” uchligi doirasida ishlash ham o‘z natijalarini ko‘rsatdi: xonanda va bastakorlar chiroyli va she’r matnlari bilan tanishdilar, kelajakda hamkorlikda ishlashga kelishib oldilar.
Seminar so‘ngida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi hamda hamkor tashkilotlar tomonidan har bir ishtirokchiga qimmatbaho sovg‘alar va “Zomin- 2021” statuetkalari taqdim etildi.
Shunday hayajonli lahzalarda O‘zbekistonda tug‘ilganimga shukronalik keltirdim. Bir farzandini qo‘liga qalam tutgani uchungina shunchalar e’zozlaydigan yurt – mening yurtim! Shu yurtda tug‘ilib, shu yurtda ijod qilayotgan har bir yosh baxtlidir, chunki bugungi kunda biz, yoshlarga e’tibor davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgani bor gap.
Sitorabonu Shomurodova,
Zomin seminari ishtirokchisi.