Sholg‘om — ming dardga davo!

Sholg‘om oziq-ovqat mahsuloti sifatida keng iste’mol qilinishi bilan birga, undan qadimdan qator kasalliklarga davo sifatida foydalanib kelingan.

Abu Ali ibn Sino sholg‘omning o‘rtasi o‘yilib, mum va gulmoy solinib qo‘rda ko‘milgani bilan teri kasalliklarini, sovuqdan paydo bo‘lgan yara va yorilishlarni davolagan.

Qaynatib pishirilgan sholg‘om ko‘krak qafasi va tomoqni yumshatishda ishlatilgan. Sholg‘omni go‘sht bilan qaynatib iste’mol etilsa, kishiga mador, ko‘zga foyda bo‘ladi.

Sholg‘omdan xalq tabobatida o‘pka, nafas yo‘li kasalliklarida, isitma baland bo‘lganida, yurak bezovta bo‘lganida foydalanilgan. Unda siydik haydash, jarohatlarni tuzatish hamda antiseptik, og‘riq qoldiruvchi xususiyatlar ham mavjud.

Sholg‘omning qaynatib pishirilgani hamda uning sharbati bronxial astma, ko‘ksov kasalligida qatiq yo‘tal paydo bo‘lganda, o‘tkir laringitda, shamollash natijasida ovoz yo‘qolganda, uyqusizlikda foyda beradi.

Uy sharoitida sholg‘omdan dori tayyorlash

Uy sharoitida sholg‘omdan dori tayyorlash uchun 2 osh qoshiq maydalangan sholg‘om ustiga bir stakan qaynoq suv solib, 15 daqiqa davomida qaynatib ichiladi. Bu qaynatma uyqu oldidan iste’mol qilinsa, tinchlantiruvchi dori vazifasini o‘taydi.

U bilan g‘arg‘ara qilinsa, tomoq va tish og‘rig‘iga davo bo‘ladi. Pishirilgan sholg‘om bo‘tqasini podagra bilan kasallangan joylarga bog‘lab qo‘yilsa, ijobiy natija beradi.