Shu paytgacha Samarqandda saylovchilar umumiy sonining 34 foizi ovoz berishda ishtirok etdi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi 7-Samarqand okrugi komissiyasi matbuot markazida brifing o‘tkazildi.
Unda okrug komissiyasi raisi X.Muhammadiyev okrug hududida ovoz berishning borishi to‘g‘risida ma’lumot berdi.
Bugun mamlakatimizda muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi o‘tkazilmoqda. Okrug bo‘yicha saylovchilar umumiy soni 2 million 94 ming nafardan ortiqni tashkil etmoqda.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, shu vaqtgacha okrug bo‘yicha 706 ming nafarga yaqin fuqarolar, ya’ni saylovchilar umumiy sonining 34 foizi ovoz berishda ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksi hamda Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tasdiqlangan kalendar reja asosida Samarqand viloyatida ham Prezident sayloviga qizg‘in hozirlik ko‘rildi. Barcha uchastkalar uchun eng qulay binolar tanlanib, uchastka saylov komissiyalari a’zolari, saylovchilar va kuzatuvchilar uchun zarur sharoit yaratildi. Saylov uchastkalari yuqori tezlikdagi internet aloqasi ta’minlandi. Bugun barcha uchastka saylov komissiyalari Saylov jarayonini boshqarish axborot tizimi (SJBAT) orqali Saylovchilarning yagona elektron ro‘yxatiga ulanib, zarur ma’lumotlarni olmoqdalar.
Viloyatdagi 32 ta saylov uchastkasidagi ovoz berish jarayonlarini onlayn kuzatish mumkin.
Saylov kodeksiga ko‘ra, saylov kuni o‘z yashash joyida bo‘lmaydigan fuqarolar muddatidan oldin ovoz berish huquqiga ega. Markaziy saylov komissiyasining qaroriga ko‘ra, shu yilning 28 iyun – 5 iyul kunlari yurtimizda mazkur jarayon amalga oshirildi. Samarqand viloyatida ham 92 mingga yaqin fuqaro bu huquqdan foydalanib, muddatidan oldin ovoz berdi.
Ayni chog‘da saylov uchastkalaridagi ovoz berish jarayonlarini siyosiy partiyalar vakolatli vakillari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari kuzatuvchilari, ommaviy axborot vositalari vakillari, xalqara kuzatuvchilar kuzatib bormoqda.
Muddatidan ilgari Prezident saylovini kuzatish uchun mamlakatimizda bo‘lib turgan 15 dan ortiq xalqaro tashkilotlar, o‘ttizdan ortiq xorijiy davlatlarning kuzatuvchilaridan 100 nafarga yaqini bugun Samarqand viloyatidagi ovoz berish jarayonlarini kuzatmoqda.
Ayni paytda saylov uchastkalarida ovoz berish jarayonlari davom etmoqda.
Shu paytgacha okrug saylov komissiyasiga saylov qonunchiligi buzilishi bilan bog‘liq murojaatlar kelib tushgan emas.
Okrug komissiyasi matbuot markazi.