Shuhrat RO‘ZIYeV: Viloyatda yil oxirigacha aholining sportga qamrovi 22 foizga yetkaziladi
Bu ko‘rsatkich 2023 yilda 24, 2024 yilda 26 va 2025 yilda 30 foizga yetkazilishi rejalashtirilgan. Quyida viloyat sportni rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i Shuhrat Ro‘ziyev yuqoridagi rejalar va viloyatda sportni rivojlantirish borasidagi ishlarning bugungi ahvoli haqda so‘z yuritadi.
Bugungi kunda Samarqand viloyatida 32 ta sport ta’lim muassasasi, 2 ta olimpiya va paralimpiya kolleji, 4 ta ixtisoslashtirilgan sport maktabi, 24 ta bolalar-o‘smirlar sport maktabi, 1 ta futbol mahorati maktabi faoliyat olib bormoqda. Mazkur inshootlarda 1149 nafar trener-o‘qituvchi 50 sport turi bo‘yicha 33 ming 625 nafar yoshlarga mashg‘ulot o‘tyapti.
2021 yil 5 noyabrdagi “Yurish, yugurish, mini-futbol, badminton, stritbol va “Workout” sport turlarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori hamda 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida mamlakatimizda jismoniy tarbiya va ommaviy sportning rivoji uchun muhim vazifalar belgilab berilgan edi.
Viloyatda o‘tgan davr mobaynida ushbu vazifalar ijrosini ta’minlash va aholining ommaviy sportga jalb qilish ko‘lamini oshirish maqsadida 82 kilometr salomatlik, 75 kilometr velosiped yo‘laklari, 63 ta mini-futbol, 34 ta badminton, 323 ta “Workout”, 47 ta stritbol maydonchalari foydalanishga topshirilgan.
Shuningdek, 2022 yil 11 apreldagi “Mahallalarda yoshlarni ommaviy sportga jalb qilishni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qaroriga asosan, viloyatdagi 1126 mahallada 7 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar o‘rtasida sportning to‘qqiz turi bo‘yicha besh bosqichli sport musobaqalari o‘tkazish yo‘lga qo‘yildi.
Ushbu ommaviy sport musobaqalarida viloyatimizdan 282 ming 989 nafar, ya’ni yoshlarning 17 foizi qamrab olindi. Turnir natijasiga ko‘ra, yoshlarimiz mazkur musobaqaning respublika bosqichida ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Qayd etish kerakki, joriy yilning birinchi yarim yilligida viloyatimiz sportchilari jahon, xalqaro, Osiyo va O‘zbekiston birinchiliklarida munosib ishtirok etib, 1184 medalni qo‘lga kiritdi. Shundan jahon chempionatida 8 ta, xalqaro turnirda 31 ta, Osiyo musobaqalarida 10 ta, O‘zbekistondagi bahslarda 1133 ta medal vakillarimizga nasib etdi.
Hozirda viloyatimizdan 2024 yil Parijda o‘tkaziladigan olimpiya va paralimpiya o‘yinlariga 9 sport turi bo‘yicha 23 nafar sportchi, paralimpiya bo‘yicha 4 nafar sportchi va 2 ta parasport turi bo‘yicha nomzod sifatida saralab olingan sportchilarimiz tayyorgarlik mashg‘ulotlarida qatnashmoqda.
Sportchilarimiz joriy yilning 9-18 avgust kunlari Konya shahri (Turkiya)da Islom Birdamlik o‘yinlarida, 10-28 dekabr kunlari Shantau shahri (Xitoy)da o‘smirlar o‘rtasida yozgi Osiyo o‘yinlarida ishtirok etadi.
Viloyatda yil oxirigacha 881 ming 945 nafar, ya’ni aholining 22 foizi sportga qamrab olinadi. Bu ko‘rsatkich 2023 yilda 24, 2024 yilda 26 va 2025 yilda 30 foizga yetkazilishi rejalashtirilgan.