Shuhratparastlik fazilatmi?
Yaqinda ziyoli birodarimiz 60 yillik yoshini nishonladi. Hovlisida, 70-80 chog‘lik kishiga dasturxon yozibdi. Chiroyli davra bo‘ldi, hamkasblari, qudalari, do‘stlari, farzandlari tabriklashdi, bitta zar chopon kiygizildi.
Hovli burchagidagi radiodan suhbatga xalaqit bermaydigan yoqimli ashulalar eshitilib turdi, spirtli ichimliklar qo‘yilmadi, davradagilar bilan miriqib gaplashdik. Keyin bilsam, to‘y egasi oila a’zolari, og‘aynilari va boshqa tanishlariga so‘zini o‘tkazib, davrani ana shunday o‘tkazishga qaror qilgan ekan. Hashamatli tantanaga sarflanadigan pulga o‘g‘illariga xorijga oilaviy borib kelishni maslahat beribdi, o‘zi esa ayoli bilan Umra safariga borishni rejalashtiribdi.
Ochig‘i, zavqlanib o‘tirdik va huzur qildik.Ammo qaytishda bir sherigim "Domla buncha qattiq bo‘lmasa, ikki o‘g‘li tadbirkor, birorta restoranda qilsa bo‘lardi shu yubileyni" deb qoldi. Bitta shu gap bilan davradan olgan shirin taassurotim chil-chil sindi.
Qayerdan va kimlarda paydo bo‘layapti bunaqa fikrlar!? Allomalarimizning barchasi miskin, kamtar hayot kechirishgan, davlati borlari ham uni elga ilm yo‘lida sarflashgan. Shuning uchun Hotami Toy rivoyati shuurimizga singib ketgan. Qolaversa, Iskandar Zulqarnaynning mayitini tobutga ikki qo‘lini tashqariga chiqarib qo‘yib solishgani haqidagi rivoyat ham barcha kitoblarimizda bor. Amir Olimxon dabdabali to‘ylarga barham berish uchun farmon chiqargan. Mahmudxo‘ja Behbudiy o‘z matbuotida to‘y va ma’rakalardagi dabdababozlik va isrofgarchilik millat ma’naviyatiga putur yetkazadi, deb bong urgan.
Mayli, tariximizni qo‘ya turaylik, bugungi holatga bir ko‘z tashlaylik. Dunyoga eshik ochdik, endi qayerda nima bo‘layotgani hech kimga sir emas. Ayniqsa, rivojlangan davlatlarga havasimiz kelyapti, o‘sha yerlardan pul topib kelyapmiz. Aytingchi, o‘sha xorijdagi qaysi davlat fuqarosi bizchalik hashamatli to‘y qilyapti? Xitoy yoki turkning, yapon yoki nemisning katta to‘y qilganini ko‘rdingizmi? Nima, bunga ularda pul yo‘q, deysizmi? Hatto biz hayotiga gohida nopisanda qaraydigan hindlar ham topgan mablag‘ini to‘yga, koshona qurishga emas, farzandining bilim olishiga sarflayapti. Nahotki bu ko‘rayotganimiz bizga hanuz ibrat bo‘lmayotir.
Yolg‘on bo‘lmasin, ibrat bo‘layotir, ammo hammaga emas. Biz hatto bu masalada ixchamlikka intilayotganlarga qarshi chiqamiz, do‘stu tanishlarni koshonalarda shohona to‘y berishga da’vat etamiz. Ayniqsa, bunaqa shuhratparastlika mukkasidan tushayotgan, turmush o‘rtoqlarini mablag‘ sarflashga undayotgan ayollarimiz ishidan Bibixonimdek onalarimizning ruhlari chinqiramaydimi?
Biz esa...Xudodan ham, qonundan ham qo‘rqmay qo‘ydik, ishonavering, bahlashib ham o‘tirmang, negaki kamina bu holning ichida yurib, yuragim kuyganidan aytyapman.
Ko‘pqavatli uylar atrofidagi bolalar maydonchalari, bog‘u gulzorlarni buzib, uylar qurib tashlaganimiz yolg‘onmi? Yangi imoratlardan hatto tug‘ilmagan farzandu nevaralar uchun uy olib qo‘yganimiz yolg‘onmi? Bor-yo‘g‘i uchta kutubxonasi bor Samarqand shahrida har oyda har bitta mahallada bittadan to‘yxona, oshxona ochilayotgani ham yolg‘onmi? Rahbarlarni qo‘ya turaylik (vaqti kelib ular ham vijdoni oldida javob berishadi) shu ishlarni qilayotgan kimsalar yaqin o‘rtada birorta kitob yoki gazeta o‘qiganmikin?
Jahongir Mahmud Sulton "Shaharliklar uchun kanalizatsiya, hammom va kutubxona juda zarur narsalardir. Kanalizatsiya shaharni tozalaydi, hammom – inson tanasini, kutubxona esa ruhni tozalaydi" degan ekan. Biz esa kutubxona, kitob do‘koni o‘rniga oshxonayu restoran, chilimxonalar ochib, tanimizni ham, ruhimizni ham tozalash o‘rniga chiqindixonaga aylantirayapmiz. Buyuk alloma Xoja Axror Valiy hisobsiz yeri, mulki bo‘lishiga qaramasdan faqirona, miskin kun kechirgani, topgan-tutganini aholiga tarqatgani ham ibrat bo‘lmayotir. Zero, ul mutafakkir "bizning dunyo (mol-mulk) bilan shug‘ullanishimiz saxovat va karam qilish uchun emas, balki odamlarning tama qilishidan qutulish uchundir", ya’ni odamlarga yashash va ishlash uchun sharoit yaratish uchundir, deb ta’kidlagan va shu shiorga amal qilgan.
Hurmatli mushtariy, hali inson resursidan foydalanishda tizimda mavjud bo‘lgan kamchiliklar borligi tabiiy. Inshoolloh, ko‘rayapmizki, bu kamchiliklar mavridi bilan barham topib boraveradi. Ammo men bevosita o‘zimizga, shaxsiy nuqtai nazarimizga oid masala haqida fikr yuritayapman. Masalan, peshana teri, ba’zan xorijdan ming mashaqqat bilan topgan daromadimizni oqilona sarflash xususida. Ota-ona bo‘lib, qudalar, og‘aynilar bilan kelishib tadbirlarimizni ixcham, kamxarj, mazmunli o‘tkazishga kim xalaqit beradi? Nikoh to‘ylardagi hashamdor mashinalar"karvoni"ga birinchi bo‘lib kim barham beradi? Kim koshonasifat to‘yxona yonida o‘quvchilar uchun tugarak yoki kutubxona ochadi? Qaysi oqila ayol dugonalar,ovsinlar va yana allambalolar gashtaklarini qisqartirib, uyga ko‘chiradi? Kim chet eldan uy yoki villa sotib olish o‘rniga o‘z mahallasidan xususiy musiqa maktabi quradi?
Agar e’tibor qilgan bo‘lsangiz, gap kreditga yoki birovdan pul olib, nimadir qilish emas, balki bugun havoga sovurayotgan mablag‘larimizdan oqilona foydalanish ustida boryapti. Bilaman, bu nuqtai nazar tezda shakllanmaydi, chunki biz mol-mulk to‘plash, tantanalar, koshonalar orqali shuhrat qozonishga ko‘nikib qoldik. Bundan tashqari aholining barchasi ham fikrimizga qo‘shilavermaydi. Pul meniki, qayerga, nimaga ishlatishni o‘zim bilaman, deydi. Ammo bu holga tomoshabin bo‘lib turish ham yaxshi holat emas.
Aytib ham charchadik, qonunlarga o‘zgartirishlar kiritdik, tartiblar ishlab chiqdik, ming afsuski, o‘zgarish biz kutgandek bo‘lmayapti. Demak, endi odamlar, ayniqsa yoshlar nuqtai nazarini o‘zgartirish ustida ko‘proq o‘ylashimiz lozim. Zero, dunyodagi ishbilarmonlar katta nufuzga va qudratga mablag‘ni topish emas, uni to‘g‘ri sarflash orqali erishganlar.
Ushbu mulohazalarimni allomalarimiz, ayniqsa jadid bobolarimiz pok ruhlari oldidagi burchim haqqi hurmati Sizga ilindim, azizlarim.
Farmon TOShEV.