Shuhratparastlik nima?

Bu savolga ko‘pchilikning javobi aniq. Lug‘atlarda bu so‘zga «xalqqa darrov tanilishga, shuhrat qozonishga tirishadigan, o‘z xizmatining afzalligini bo‘rttirib ko‘rsatadigan, manman, maqtanchoq» deb izoh berilgan.

Lekin har bir davrning o‘z shuhratparasti bo‘larkan. Onore de Balzak «Shuhratparastlik bor yerda samimiyatga o‘rin yo‘q» deb bejiz aytmagan ekan. Hadislarda ham shuhratga moyillik minnat bilan barobar gunoh sifatida keltiriladi.

Ochig‘i, bu mavzuda yozishimga aholi bilan uchrashuvdan oldin yonimga kelgan mahalla faoli bilan suhbat sabab bo‘ldi. Faol deganimning boisi, u 2-3 yildan beri menga qishloqdagi kamchilik va muammolar to‘g‘risida xabar berib turardi. Tadbirkorlikni boshlashda qiynalgan mahalladoshlarini boshlab ham kelgandi. Muammo yechimi bo‘yicha borgan ishchi guruhini kutib olib, kuzatib qo‘yardi. O‘zi aslida suv inshootida qorovullikdan pensiyaga chiqqan.

- Hozir muloqotda odamlarga mening fidoyiligimni aytib qo‘ying, iltimos. Ular jonkuyarligimni bilib qo‘yishsin, - dedi u tortinmay.

- Men deputat sifatida o‘z rejam asosida uchrashuvga keldim. Muammolar bo‘lsa, ularni bevosita ijrochilarga tavsiya etamiz.

- Yo‘q, aka, meni odamlar tan olishadi, mahalla oqsoqoli bilan emas, men bilan maslahat qilishadi. Bu hududdagi har bir ish mening ishtirokimda bo‘lishi kerak, bilib qo‘ying!

Yo‘q, men u kishiga ta’na qilmoqchi emasman. Chunki oqsoqollarning bo‘shligi tufayli ehtimol bunday faollar paydo bo‘layotgandir. Faqat ularning o‘ziga jamoatchilikdan hurmat, izzat talab qilayotgani ma’qulga o‘xshab ko‘rinmayapti.

Mahallalarda «hojatbaror»larning o‘ziga xos guruhi shakllandi. Bir tomondan xalq dardini aytadiganlarning ko‘p bo‘lgani yaxshi. Ming afsuski, ayrim alamzada yoki tovlamachilar murojaatlarga berilgan oshkoralikdan shaxsiy manfaati yo‘lida foydalanishga harakat qilmoqdalar.

- Tumanimizda bir erkak va ayol paydo bo‘lgan, - deydi tanishim. – O‘zlarini goh bloger, goh jurnalist, goh advokat deb tanishtirishadi. Nuqul biror tanlovda omadi chopmaganlarni, ishdan ketganlarni, arizachilarni axtarib yurishadi. Ular har kuni xizmat ko‘rsatuvchi yoki nazorat idoralari oldida turishadi. Bitta aybi shuki, ular har bir harakatiga shuhrat va pul talab qilishadi. Bizni ko‘rganda hamma cho‘chib tursin, deyishadi.

Albatta, hayotda omadi chopmagan, ozroq qiynalganlar har bir ko‘ngil so‘rovchidan najot axtaradi, umid qiladi. Shuhratparastlar ana shu holatdan foydalanishadi. Darvoqe, bunday «hojatbaror»larni axborot bilan ta’minlab turuvchi hangomatalablar ham bor.

Bu masalada odilona fikr qilmoq lozim. Mutasaddi idoralar xodimlari ariza va murojaatni mas’uliyat, e’tibor bilan o‘rganib chiqmagach, yechimini orqaga tashlagani uchun ular duch kelgan kishidan najot axtarishmayaptimi? Shuhratparstlikda ertani, oqibatni o‘ylashga imkon bo‘lmaydi. Masala yechimi bormi-yo‘qmi, bundan qat’iy nazar, shov-shuv ko‘tarilib, ko‘pchilik diqqatini tortish muhimdir.

Ba’zi kishilarda biror sohada ko‘proq ishlab qo‘ygandan so‘ng ayrim noshud hamkasblarining ishini ko‘rib shuhratga moyillik uyg‘onadi. Ko‘pyillik stajiga mukofot talab qila boshlaydi. Vaholanki, mukofot stajga emas, mehnatga qarab beriladi. Qolaversa, yaxshi ishlagan har bir kishi maosh va mukofot puli oladi.

Ayollarning to‘y, davralarda yangi libosi-yu zebu ziynatini namoyish qilishi, erkaklarning esa boshqalar oldida o‘zini zo‘r, bilimdon, aqlli qilib ko‘rsatishga urinishi ham shuhratparastlik. Boshqalarga yoqish uchun qilingan harakat ham shunday.

Xalq doimo obro‘talab, shuhratparastlarni yoqtirmagan, yoqtirmaydi ham. Bundaylarning xatti-harakatini jim turib kuzatsa-da, hazm qilmaydi. Lekin shuhratparast bunday kayfiyatni tahlil qilib o‘tirmaydi, chunki u shuhrat qozonishi, odamlar uni tinglashi kerak.

Illat sifatida shuhratparastlikning zarari shundaki, ayrim noshud, o‘rtamiyonalarda ham shunday kayfiyat paydo qiladi. Bu hol halol, yaxshi, qanoatli kishilarga og‘ir botadi.

U insondagi sharttakilik, boshqalarni mensimaslik, yuzsizlik kabi illatlarga yo‘l ochadi. Bunday paytda shuhratparastga gap uqtirib bo‘lmaydi.

Har kimning shuhrati oilada ham, jamoada ham, jamiyatda ham o‘zi bilan birga bo‘ladi. Ya’ni, bu har bir kasb egasining kasb mahoratiga, kamtarligi va samimiyatiga bog‘liq degani. Bu masalada o‘rtamiyona yoki obro‘ topolmagan kimsalarning zo‘raki urinishi shuhratparastlikka tegishlidir. Shuhratparastlik jamiyatning e’tiborsizligidan yuzaga keladi va aksincha, jamiyatning e’tiboridan barham topadi.

Shunday ekan, shuhratparastga duch kelganda “Unga Xudoning o‘zi bas kelsin” deb o‘zni chetga olmang, munosabat bildiring. Muhimi, shuhratparastlikdan tiyiling.

 Farmon TOShEV.