Shveysariyada o‘ta issiq uy uchun jarima va qamoq belgilanishi mumkin, Fransiyada o‘tin va pechga buyurtmalar keskin oshgan
Mamlakatda gaz taqchilligi sababli bu qishda hukumat ko‘rsatmalarini buzgan shveysariyaliklar jarimaga tortilishi va uch yilgacha qamoq jazosiga mahkum etilishi mumkin. Buni Blick nashriga Iqtisodiyot vazirligi matbuot kotibi Markus Spurndli tasdiqladi.
Uning ta’kidlashicha, uylarida qasddan qoidabuzarlik sodir bo‘lgan taqdirda havo harorati 19 darajadan yuqori bo‘lgan fuqarolarni jazo kutmoqda. "Ta’minot qonunini buzish har doim huquqbuzarlik yoki hatto jinoyatdir va jinoiy javobgarlikka tortilishi kerak", deb tushuntirdi rasmiy.
Elektr energiyasini tejash maqsadida mamlakatda infraqizil isitgichlardan foydalanish taqiqlangan. Saunalar va basseynlar umuman isitilmaydi.
Avvalroq gaz va elektr narxining oshishiga duch kelgan Fransiyaning ko‘plab aholisi kelgusi qishda uylarini o‘tin bilan isitishga qaror qilgani haqida xabar qilingan edi. O‘tin ishlab chiqaruvchi korxonalar to‘liq quvvat bilan ishlamoqda, buyurtmalar oqimi to‘xtamayapti, o‘tin pechlari savdosi yil davomida bir yarim barobar oshdi.