Siam egizaklarining ahvoli og‘ir

Samarqandda siam egizaklari tug‘ilishi, go‘daklarning ahvoli hamda salomatligi borasida o‘zgarishlar bor-yo‘qligini aniqlashtirish uchun tegishli mutasaddilar bilan suhbatlashdik.

- Egizaklarning onasi ayni paytda jiddiy jarrohlik operatsiyasini boshidan o‘tkazgani tufayli davolanishda, - deydi viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘ining onalik va bolalik bo‘yicha o‘rinbosari Sayfiddin Mo‘minov. – Ayni paytda egizaklarning salomatligini nazorat qilyapmiz. Ularni davolash uchun viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazining intensiv terapiya bo‘limi shifokorlari barcha sa’y-harakatlarni amalga oshirmoqda. Sog‘liqni saqlash vazirligidan ham tegishli ko‘rsatmalar berilmoqda. Shifokorlar siam egizaklarini davolashda yetarli tajribaga ega. Garchi, bu chaqaloqlar boshqacha ko‘rinishda bo‘lsa-da, ammo ulardagi xastaliklar oddiy tug‘ilgan chaqaloqlarniki singaridir.

Ona farzandi patologiya bilan tug‘ilishi haqida ogohlantirilgan. Ammo uning xohishiga ko‘ra, homila to‘xtatilmagan. Tegishli qoidalarga ko‘ra, onadan beruxsat uning homilasini to‘xtatishga shifokorlarning haqi yo‘q.

- Hozirda egizak qizaloqlar sun’iy nafas oldirish apparatida bo‘lib, ahvoli juda og‘ir, - deydi viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi bosh vrachi o‘rinbosari Dilshod Rahmonov. – Ikkita yurakda ham jiddiy, murakkab nuqsonlar mavjud. Chaqaloqlarning ichki organlari bir boshdan to‘liq tibbiy tekshiruvdan o‘tkazilmoqda. Ayni paytda ularning oshqozoni ham ikkitaligi ma’lum bo‘ldi. Egizaklarning salomatligi bo‘yicha to‘liq va aniq ma’lumotlarni aytish uchun qo‘shimcha ko‘plab tibbiy tekshiruvlar o‘tkazilishi kerak. Afsuski, siam egizaklarining ahvoli og‘ir bo‘lib, apparatda bo‘lgani uchun bu tekshiruvlarning barchasini amalga oshirish imkoniyatimiz yo‘q. Diagnostika uchun esa zamonaviy apparatlarimiz bor.

Bunday holda tug‘ilgan chaqaloqlar Samarqandda hozircha birinchi, deb aytish mumkin. Respublikadagi mutaxassislar bilan o‘rganish natijalariga ko‘ra, O‘zbekistonda oldin ham bitta shunday holat mavjud bo‘lgan. Chaqaloqlarga biror bir jarrohlik amaliyoti ular to‘liq o‘rganib chiqilgach, keyin amalga oshiriladi. Ayni paytdagi birinchi vazifamiz ularning hayotini saqlab qolishdan iborat.

- 45 yillik tajribaga ega shifokor sifatida aytishim mumkinki, Samarqandda bu holatda tug‘ilgan siam egizaklari birinchisi bo‘lsa kerak, - deydi tibbiyot fanlari doktori Asqarali Safarov. – Faoliyatim davomida ikki marta siam egizaklari tug‘ilgan. Ammo ular kechki homila tashlash bo‘lib, 5-6 oylikda ona qornida nobud bo‘lgandi. Ularni olish jarayonida homilaning siam egizak ekanligi aniq bo‘lgan. Umuman, turli patologiyali chaqaloqlar tug‘ilishining oldini olishda onalarning salomatligiga e’tiborli bo‘lish juda muhim. Ayniqsa, ilk uch oylikda homilaning ichki organlari shakllanadi. Shu payti kimyoviy dori iste’mol qilmaslik katta ahamiyat kasb etadi.

Eslatib o‘tamiz, siam egizaklarining ditsefal turiga mansub egizak qizlar 27 iyun kuni Samarqand viloyati perinatal markazida kesarcha kesish natijasida tug‘ilgan. Ular bitta tana, bir juft qo‘l va oyoq, ikkita yurak, ikkita o‘pka, ikkita oshqozon va bitta bachadonga ega. Ular siam egizaklarining eng kam uchraydigan turi - ditsefal parapagamlarga tegishlidir.

Qizchalarning vazni 4600 gramm, bo‘yi 48 sintimetrni tashkil qiladi. Ma’lumotlarga ko‘ra, dunyo miqyosida tug‘iladigan siam egizaklarining 70-75 foizi qiz bolalar.

Gulruh MO‘MINOVA.