Sifatni boshqarish tizimi sertifikatini qayerdan olsam bo‘ladi?
- Sifatni boshqarishning zamonaviy tizimlarini keng joriy etish va mahsulotlarning xalqaro standartlarga muvofiqligini sertifikatsiyadan o‘tkazish korxona uchun juda foydali. Bu haqda kerakli ma’lumotga egaman. Ammo viloyatda ushbu sertifikatni qayerdan olish mumkin?
X.Ermatov,
tadbirkor.
Ushbu savolga «UzTest» DUK Samarqand filiali qoshidagi sifat tizimlarini sertifikatlashtirish idorasi rahbari F.Shakirova javob berdi:
- Korxonalarda xalqaro standart talablariga muvofiq sifat tizimlarining joriy etilishi raqobat muhitida korxonalar yutug‘ining kafolati hisoblanadi va korxonalar tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar raqobatbardoshligini oshirishga va iste’molchilarni sifatli va ekologik xavfsiz mahsulotlar bilan ta’minlash imkonini beradi.
Bugungi kunda korxonalarda sifat tizimlarini sertifikatlashtirish yo‘nalishlari bo‘yicha “O‘zstandart” agentligi tizim tashkilotlari tomonidan muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. Bu ishlar uzviy davomi sifatida “TURKAK” xalqaro akkreditatsiya idorasi tomonidan dastlab 2017 yil 26 aprelda berilgan akkreditatsiya guvohnomasi 2020 yilning 23 iyulda «UzTest» davlat unitar korxonasi Samarqand filiali nomiga qayta rasmiylashtirilib olindi. Ushbu filial qoshidagi sifat tizimlarini sertifikatlashtirish idorasi tomonidan quyidagi yo‘nalishlarda korxonalarda ISO 9001 xalqaro standarti asosida sifat tizimlarini sertifikatlashtirish imkoniyati mavjud:
- tekstil mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi;
- qurilish mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi;
- mehmonxona va ovqatlanish xizmatlarini ishlab chiqaruvchi;
- poligrafiya mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi;
- bank muassasalari;
- o‘quv yurtlari;
- oziq-ovqat mahsulotlari, alkogolsiz ichimliklar va tamaki mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi va sotuvchilar.
O‘tgan davr mobaynida sifat tizimlarini sertifikatlashtirish idorasi tomonidan 5 ta yirik ishlab chiqarish korxonalari ISO 9001 xalqaro standarti talablari asosida sertifikatlashtirildi. Buning natijasida ushbu korxonalar eksport salohiyati sezilarli darajada o‘sib, yangi ish o‘rinlari yaratildi.