Siyosiy partiyalar va deputatlar qachon "uyg‘onadi"?
Xususan, 2017 yil 12 iyulda davlatimiz rahbari raisligida o‘tgan Oliy Majlis palatalari, siyosiy partiyalar va O‘zbekiston Ekologik harakati vakillari bilan videoselektor yig‘ilishida sohadagi muammolar, siyosiy partiya va deputatlar faoliyati tanqidiy tahlil etilgandi.
2017 yil 22 dekabrda Oliy Majlisga taqdim etilgan Murojaatnomada bu masalaga yana bir bor e’tibor qaratib, "Afsuski, deputatlar, senatorlarimiz uyg‘onishi kerak, bu – hayot talabi, degan gaplar gapligicha qolib ketdi. Yana bir bor aytaman, kutilgan amaliy natija yo‘q", deb ta’kidladi.
Siyosiy partiyalarning Narpay tumani kengashlari va deputatlik guruhlari faoliyatini o‘rganar ekanmiz, Prezidentimiz bu borada naqadar haq ekanligiga amin bo‘ldik.
Tumandagi deputatlar faoliyati bilan tanishishdan avval fuqarolar bilan muloqot qildik.
– To‘g‘risi, deputatimiz kim ekanligini bilmayman, – deydi Oq oltin mahallasida yashovchi Sh.Rahmonova. – Shuning uchun ham muammolarimiz yuzasidan mahalla fuqarolar yig‘iniga, hal etilmasa, tuman hokimligiga murojaat qilishga majburmiz.
Oqtosh mahallasida yashovchi fuqaro O.Bo‘ronovadan ham shu kabi so‘zlarni eshitdik.
– Oilamizda muammolarimiz bor, nogiron farzandlarim tufayli ijtimoiy muhofazaga muhtojmiz, – deydi u. – Bu masalada deputatga murojaat qilib, yordam so‘rashim mumkinligini, to‘g‘risi, sizdan eshityapman.
Fuqarolar fikrini tinglab, bir oz ajablandik. Xalq bilan muloqot qilyapmiz, deb ko‘kragiga urayotgan deputatlar aslida nima bilan band? Nega ularni saylov okrugidagi fuqarolar tanimaydi? Axir, mahalla fuqarolar yig‘inlarida ularning qabul kunlari belgilab qo‘yilgan-ku!?
Oqtosh mahallasidagi fuqaroning e’tirozlarini eshitib, deputatdan izoh so‘ramoqchi bo‘lganimizda bu hududdagi saylov okrugida tuman kengashi deputatlik o‘rni bo‘sh ekanligiga guvoh bo‘ldik. Oq oltin saylov okrugidagi deputatni sog‘lig‘idagi muammolari tufayli uchratolmadik.
Bu holatlar tumanda deputatlar o‘z faoliyatlarini qoniqarli yo‘lga qo‘ymaganligi, aholi bilan muloqoti yetarli darajada emasligi, shuningdek, deputatlar qo‘nimsizligi kabi muammolar borligini ko‘rsatib turibdi. Xalq deputatlari Narpay tuman kengashining yaqinda o‘tkazilgan o‘ttiz to‘rtinchi sessiyasida 9 nafar deputatning faoliyati muddatidan oldin to‘xtatilgani ham fikrimizning tasdig‘idir.
O‘rganish davomida siyosiy partiyalar tuman kengashlari deputatlik guruhlari tomonidan sessiyalarga masala kiritish, mansabdor shaxslar hisobotini tinglash kabi muhim masalalar yetarli yo‘lga qo‘yilmaganligini ko‘rish mumkin.
Jumladan, Xalq demokratik partiyasining 8 nafar deputatdan iborat deputatlik guruhi tomonidan 2017 yil davomida birorta mansabdor shaxs hisoboti tinglanmagan, tuman kengashi sessiyalariga bor-yo‘g‘i 1 ta masala kiritilgan. Boshqa partiyalarda ham bu borada ishlar qoniqarli emas.
Deputatlarning ba’zilari bilan suhbatlashar ekanmiz, ularning birortasida deputatlik yig‘ma jildi yuritilmaganligiga guvoh bo‘ldik. Aksariyatining bu kabi yig‘ma jilddan xabari ham yo‘q. Aslida oyma-oy amalga oshirilgan ishlar, reja va hisobotlar, deputatlik so‘rovlari va ularning natijalari haqidagi ma’lumotlar deputat yig‘ma jildiga kiritib borilishi kerak.
Viloyatimizda Oliy Majlis Senati a’zolari va Qonunchilik palatasi deputatlari ishtirokida siyosiy partiyalarning viloyat kengashlari, mahalliy kengashlar deputatlari, doimiy komissiyalar faoliyati o‘rganilib, aniqlangan muammo va kamchiliklar viloyat Kengashi sessiyasida muhokama qilingan, bartaraf etish yuzasidan aniq choralar belgilangan edi.
Mahalliy kengashlar deputatlari zimmasiga birinchi navbatda elektron manzilga ega bo‘lish vazifasi yuklatilgandi. Afsuski, xalq deputatlari Narpay tumani kengashi deputatlarining aksariyati hali o‘z elektron manziliga ega emas. Ayrimlarining bu borada yetarli tushunchasi ham yo‘q.
Demak, xato va kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan viloyat sessiyasida belgilangan chora-tadbirlarning ijrosi siyosiy partiyalar va deputatlar tomonidan hanuzgacha ta’minlanmayapti. Bu mavzudagi avvalgi maqolalarimizda viloyat sessiyasida siyosiy partiyalarning viloyat kengashlari raislari kelgusida bu muammolarni bartaraf etishga va bunday kamchiliklarga yo‘l qo‘ymaslikka va’da berganini yozgandik. Yana takrorlaymiz: Hurmatli raislar, bu va’da qachon bajariladi?
Prezidentimiz biror yig‘ilishda siyosiy partiya va deputatlar faoliyati bo‘yicha tanqidiy fikr bildirsa, ertasiga ommaviy axborot vositalarida "Bu tanqiddan to‘g‘ri xulosa chiqardik, endi yangicha ishlaymiz", mazmunidagi balandparvoz gaplarni qalashtirib tashlaymiz. Zudlik bilan yig‘ilishlar tashkil etamiz, ammo amalda-chi?
Amalda hech narsa o‘zgarmasa, bunday majlisbozligu balandparvoz so‘zlardan nima naf?!
G‘olib ABDUSALOMOV,
"Zarafshon" muxbiri.