Siyosiy sharh: Yangi dunyo manzaralari
XXI asrning 21 yili ham yakuniga yetib bormoqda. O‘tib borayotgan yil kimgadir baxt-omad keltirdi, kimgadir og‘ir azob-uqubatlar yili bo‘ldi. Menga eski yilning qiyofasini chizib berishga to‘g‘ri kelsa, eng avvalo, ona yurtimizda yashayotgan insonlarni tibbiyot niqoblarisiz tasvirlab bergan bo‘lardim.
Chindan ham, O‘zbekistonimizdan koronavirus balosining chekinishi xalqimizning katta baxti bo‘ldi. Yana mening tasavvurimda Amerika harbiy uchoqlaridan tutdek to‘kilayotgan afg‘onlarning surati qo‘rqinchli kinofilmning kadrlaridek abadiy saqlanib qoldi. Bayramlar, tantanalar bilan birga dahshatli suv toshqinlari, zilzilalar, to‘fonlar, harbiy mojarolar ba’zan yonma-yon, ba’zan bir vaqtning o‘zida sodir bo‘ldi. Dunyoning ayrim chekkalarida kovid balosi qaytadan kuchayib, million-millionlab kishilar yostig‘ini quritdi.
Esimda qolgan yana bir manzara: yurtimizda to‘ylar ko‘p bo‘ldi, juda ko‘p bo‘ldi. To‘yxonalar deyarli tanaffussiz ishladi. To‘ylar – mamlakat tinchligi va farovonligini aniq ko‘rsatib beruvchi sezgir barometrlardir. Ko‘chalarimizga sig‘may borayotgan mashinalar, tobora yuqoriga yuksalib borayotgan osmono‘par binolar, kunda bo‘lmasa kunora ish boshlayotgan yirik sanoat korxonalari mamlakatimiz taraqqiyotining muhim sifat ko‘rsatkichlari ekanligi ko‘rinib turibdi. Biroq bu degani biz hamma muammo va og‘riqlarimizdan xalos bo‘ldik, degani emas. Xorijda ish izlab yurgan million-million mehnat muhojirlarimiz, hali tamoman tugatilmagan qashshoqlik, kundan kunga jamiyatimizni o‘z domiga tortayotgan korrupsiya balosi, yoshlarimiz orasidagi davomiy ishsizlik, ta’lim va tibbiyot sohasidagi eski ijtimoiy muammolar... bularning barisi keyingi taraqqiyotimiz oyog‘idagi tushov bo‘lib turgani ham ayon haqiqat.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning sa’y-harakatlari bilan O‘zbekistonimizni tubdan yangilash harakati izchil davom etmoqda. Ayniqsa, bu borada mamlakatimizdagi yutuqlar bilan birga muammolar haqida ham ochiq gapirilayotgani biz, qalam ahlini cheksiz ilhomlantiryapti. Bugun ommaviy axborot vositalari orqali chiqish qilish imkoniyati beqiyos kengayib ketdi. Hatto oddiy fuqarolarimiz ham internet vositasida o‘z fikrlarini erkin izhor qilmoqda. Aynan ana shu joyda xalqimizning xat-savodi, madaniyati va intellektual saviyasi hali haminqadar ekanligi ko‘rinib qolmoqda. Bitiklardagi g‘ij-g‘ij imlo xatolari, iqtisodiy-ijtimoiy-huquqiy masalalardagi chalasavodlik, o‘zaro muomalada andishasizlik bu boradagi nuqsonlarimizni oshkora fosh qilib qo‘ymoqda.
Aytaylik, bitta ko‘rmurid mulla buyuk olim Eynshteynni xunuk so‘zlar bilan haqorat qilsa, yana bir tetapo hijobga, soqolga qarshi aksiyalar qaysi hududda ko‘proq ekanligi haqida ma’lumotlar to‘playotgani va bu borada maxsus ish boshlab yuborgani haqida xabar yozmoqda. Shaxsan men o‘zim ro‘molni xotin-qizlarimizning ziynati, soqolni esa erkaklikning ne’mati deb bilaman. Axir, Yaratgan egam erkak yuziga soqolni behikmat yaratmagan, deb o‘ylab yurardim. Yaqinda muhtaram bir olimning bu haqidagi maqolasini o‘qib uzil-kesil ishonch hosil qildim. Uning yozishicha, soqol kishi yuzini quyosh radiatsiyasidan himoya qilib, turli teri kasalliklarining oldini olar ekan. Ayollarda esa aynan shu vazifani ro‘mol bajaradi. Biroq men bu borada kimningdir boshqalar ustidan hukmfarmolik qilishiga qat’iyan qarshiman. Har kim o‘ziga yarashiqli ishni qilgani ma’qul, deb o‘ylayman. Bular endi mahalliy va shaxsiy ahamiyatga molik gaplar.
Endi tor xonamizdan jahon ayvoniga chiqib nazar tashlagudek bo‘lsak, bundan ham badtarroq xunuk manzaralarning guvohi bo‘lamiz. Ularning oldida bizning mahalliy muammolarimiz holva ekanligiga amin bo‘lamiz.
Bugungi kunda dunyo hamjamiyati xuddi o‘tgan asrlarda bo‘lganidek, urush va tinchlik, qurolsizlanish, qashshoqlik, epidemiya hamda ekologik muammolar bilan yuzma-yuz bo‘lmoqda. Bular orasida hozir eng dolzarbi – katta jahon urushi chiqib ketishi xataridir. Tinchlik sohasidagi Nobel mukofotining laureati Dmitriy Muratovning fikriga ko‘ra, urush va tinchlik masalasini dunyo siyosatchilari o‘ziga xos biznesga aylantirishdi. O‘zlarining agressiv rejalaridan voz kechmagan imperialistlar dunyoni yangi jahon urushi yoqasiga keltirib qo‘yishdi. Ayrim siyosiy kuzatuvchilarning fikricha, bugungi vaziyat o‘tgan asrda sodir bo‘lgan “Karib inqirozi”dan ham xatarliroq. Chunki, o‘shanda yangi urush xavfi dunyoning bitta nuqtasida vujudga kelgan edi. Bugungi xatarlarning esa geografiyasi juda keng. Ukraina, Tayvan, Belarus, Boltiqbo‘yi, Suriya, Eron, Pokiston, Afg‘oniston... qo‘yingki, dunyoning o‘nlab mamlakatlarida urush chiqib ketishi ehtimoli kuchaymoqda.
Shu bois bo‘lsa kerak, dunyo afkor ommasi yangi yilda boshlanishi kutilayotgan Rossiya – AQSh muzokaralarini umid bilan kutyapti. Chunki bu ikki yirik davlat o‘rtasida hal qilinishi mushkul chigal muammolar yuzaga kelgan. Garchand hali yangi “sovuq urush” boshlangan bo‘lmasa-da, ular ana shu xatarning ostonasida turibdi. Rossiya Amerikadan NATO harbiy-siyosiy tashkiloti chegaralarini Sharqqa ortiq siljitmaslikni talab qilmoqda. Shu o‘rinda bir narsani eslatib o‘tish joizki, yangi-yangi mamlakatlarning NATO pinjiga kirishlariga, aslida, rossiyaliklarning nomaqbul siyosati sabab bo‘layotir. Ukrainadan Qrim yarim orolining tortib olinishi, uning sharqiy chegaralariga qilingan tajovuz, qolaversa, yon-atrofdagi qo‘shni davlatlarga hududiy da’volar qilinayotgani ularni o‘zlariga chetdan himoyachi topishga undamoqda.
Uzoq Sharqda Xitoy Tayvan muammosini harbiy kuch yordamida hal qilishni rejalashtirmoqda. Dunyo miqiyosida AQShning dominantlik darajasini pasayishi yomon oqibatlarni keltirib chiqarishi kundan kunga tobora ayonlashib bormoqda. Ayniqsa, Amerika qo‘shinlarini Afg‘onistondan shoshma-shosharlik bilan olib chiqib ketilishi dunyo siyosiy iqlimini sezilarli darajada buzilishiga olib keldi. Raqib davlatlar AQShni zaif davlat sifatida baholay boshladi. Biz buni tashvish bilan qayd etishimizning sababi shundaki, o‘tgan asrning 30-yillarida ham xuddi shunday vaziyat sodir bo‘lgan. 20-yillar oxirida Amerikada yuzaga kelgan og‘ir iqtisodiy inqiroz oqibatida mamlakat birmuncha zaiflashib, dunyoning siyosiy hayotiga faol aralasholmay qolgandi. Bundan ilhomlangan Germaniya, Italiya va Yaponiya o‘zlarining agressiv ittifoqlarini tuzishgan, ular bilan yakkama-yakka qolgan Yevropa davlatlari hamda SSSR Gitler bilan murosa qilishga majbur bo‘lishgan edi. Yevropaliklar Chexoslovakiyani qurbon qilishgan bo‘lsa, Stalin Gitler bilan o‘n yillik shartnoma tuzishga majbur bo‘lgandi.
Bugungi vaziyat ham taxminan o‘sha holatni eslatmoqda. Farq shuki, Chexoslovakiya o‘rniga Ukraina, o‘n yillik shartnoma o‘rniga NATOni sharqqa siljitmaslik kelishuvini imzolash. Biroq o‘shanda bularning barisi Ikkinchi jahon urushining oldini ololmagan va keyinchalik dahshatli janglar boshlanib ketgandi. Shu ma’noda, endigi urush tamoman boshqacha bo‘lishi kutilmoqda. Xudo ko‘rsatmasin, bu janglardan endi hech kim omon chiqmaydi. Hozirgi to‘plangan atom-yadro qurollari Yer kurrasini bir emas, bir necha marta kulto‘daga aylantirish quvvatiga ega. Birinchi jahon urushida 10 million inson qirilib ketgan bo‘lsa, Ikkinchi jahon urushida taxminan 60 milliondan ortiq odamlarning yostig‘i quridi. Taxminan, deyishimizning boisi shuki, qurbonlar soni hali oxirigacha sanab chiqilgan emas. Dunyo jangarilari tayyorlayotgan yangi jahon urushida endi hisob millionlarda emas, balki milliardlarda bo‘lishi ayon ko‘rinib turibdi. Bo‘lajak muhorabaning bitta natijasi aniq: unda g‘oliblar bo‘lmaydi, unda hamma mag‘lub bo‘lishga mahkum.
Dunyo xalqlari yangi 2022 yilni kutib olishga hozirlanayotgan ushbu hayajonli kunlarda yangi yilimiz bizga yangi-yangi quvonchlar olib keladi degan umid hech birimizni tark etmasin.
Kirib kelayotgan yangi yilingiz qutlug‘ bo‘lsin, azizlar!
Xudoyberdi Komilov, siyosiy sharhlovchi.