Siz bilan faxrlanamiz
Sizning go‘zal Andijondan sayqali ro‘yi zamin Samarqandga kelib, qishloq xo‘jalik instituti veterinariya fakultetida ta’lim olganingiz, O‘zbekiston veterinariya ilmiy-tadqiqot institutida faoliyatingizni boshlab, fanning ochilmagan qirralariga qo‘l urib, bilim va xulosalaringizni Moskvadagi akademik K.I.Skryabin nomidagi Butunittifoq gelmintologiya instituti aspiranturasida o‘qish bilan mustahkamlab, avval fan nomzodi, so‘ngra fan doktori, professor, akademiklikkacha bosib o‘tgan yo‘lingiz ilm ahli uchun ibrat maktabidir. Sizning yorqin ilmiy salohiyatingiz keyinchalik O‘zFA Zoologiya va parazitologiya ilmiy tadqiqot instituti, respublika parrandachilik ilmiy-ishlab chiqarish laboratoriyasi, O‘zbekiston Milliy universiteti, O‘simlik va hayvonot olami genofondi institutida, hozirgi kunda Zoologiya institutida faoliyat yuritayotganingizda yaqqol namoyon bo‘lmoqda.
Sizning akademik sifatida yaratgan fundamental kashfiyotlaringiz – uy va yovvoyi hayvonlar organizmida hayot kechiruvchi parazit organlarning morfologiyasi, biologiyasi, evolyusiyasi, filogeniyasi ekologiyasi sistemasi dunyo ilm-fanida o‘ziga xos konsepsiya bo‘lib shuhrat qozondi. Ularning hayotga tatbiq etilishi jahonda insoniyatni hayvonlardan yuqadigan juda ko‘p kasalliklardan saqlash imkonini berdi. Jumladan, XX asrning 80-90-yillarida Orolbo‘yi mintaqasida parazitar kasalliklardan bilgarsioz hayvonlar orasida keng tarqalib, katta iqtisodiy talafotlarga olib keldi. Sizning bilgarsiozga qarshi mutlaqo yangi uslub va vositalaringiz natijasida bu kasallikka barham berildi. Bu nafaqat O‘zbekiston, balki Turkmaniston, Qozog‘iston, Eron, Hindiston, Iroq, Pokiston kabi mamlakatlarda keng qo‘llanilib, bilgarsiozga qarshi eng samarali kurash vositasi ekanligi qayd etildi. Minglab yirik va mayda shoxli hayvonlar, otlar va tuyalar nobud bo‘lishdan saqlab qolindi. Sizning o‘z shogirdlaringiz bilan fanda erishgan yutuqlaringiz haqidagi ma’ruzalaringiz xalqaro anjumanlarda dunyo ilm ahli tomonidan qiziqish bilan kutib olinib, yuqori baholanmoqda. Germaniya, Angliya, Isroil, AQSh, Chexiya, Vengriya, Kanada, Fransiya, Yaponiya, Rossiyada bo‘lib o‘tgan ilmiy anjumanlar bunga misoldir.
Muhtaram Jaloliddin Azimov! Sizning shogirdlar tayyorlash, darsliklar, o‘quv qo‘llanmalar yaratish borasidagi faoliyatingizga ham havas qilamiz. Sizning qalamingizga mansub qirqdan ortiq monografiya, o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar, darsliklardan nafaqat O‘zbekistonda, balki ko‘plab xorijiy davlatlar oliy o‘quv yurtlarida veterinar kadrlar tayyorlashda keng foydalanilmoqda.
Qadrli Jaloliddin Azimov! Sizning fanga qo‘shgan ulkan hissangizga mamlakatimizning yuksak mukofoti "Mehnat shuhrati" ordeni, Isroil, Rossiya, Pokiston va boshqa davlatlarning nufuzli medallari, ilmiy unvonlari guvohlik berib turibdi.
Aziz ustoz! Ulug‘ yosh muborak bo‘lsin! Jonajon O‘zbekistonimiz ravnaqi, ilm-fani rivoji yo‘lida aslo hormang!
Ehtirom bilan
Bo‘ri SALIMOV,
SamQXI professori,
Zubaydulla IZZATULLAYeV,
Husniddin BOYMURODOV,
SamDU professorlari.