Siz korrupsiyaga qarshi qanday kurashyapsiz?

Korrupsiya jamiyatda adolatsizlik, tengsizlik va aholining noroziligiga olib keladi, bu esa barcha sohadagi islohotlarning natijasiga salbiy ta’sir etmay qolmaydi.

Keyingi yillarda mamlakatimizda korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish, davlat va jamiyat qurilishining barcha sohalarida korrupsiya omillariga chek qo‘yishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirildi.

Prezidentimiz joriy yil 5 mart kuni o‘tkazilgan Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi yig‘ilishida ham yurtimizda korrupsiyadan xoli muhit yaratish bo‘yicha qilingan ishlarga baho berilib, kelgusi vazifalar belgilandi.

Korrupsiya butun insoniyatga, barcha jamiyatlar asosiga, iqtisodiy taraqqiyotga zarba beradigan, qonun ustuvorligini buzadigan va xalqning davlat siyosatiga ishonchini keskin susaytiradigan, demokratik institutlar rivojiga to‘sqinlik qiladigan xatarli tahdiddir. U barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish borasidagi rejalarga ham jiddiy putur yetkazadi.

Hozirda sudlar tomonidan ishlarni hal etish jarayonida har qanday korrupsion holatlarning oldini olish va barham berish, aholi va tadbirkorlarning huquqiy ongini yuksaltirish, korrupsiyaviy holatlar aniqlangan taqdirda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xabar berish tartibi yo‘lga qo‘yilgan.

Masalan, o‘tgan yil jinoyat sudlar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksida belgilangan boshqaruv tartibiga qarshi 456 ta jinoyat ishi 678 nafar shaxsga nisbatan ko‘rilgan.

Shundan, 70 nafar shaxsga nisbatan jarima jazosi, 335 nafar shaxsga nisbatan axloq tuzatish ishlari jazosi, 67 nafar shaxsga nisbatan ozodlikni cheklash jazosi, 84 nafar shaxsga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Fuqarolarimizda huquqiy ong hamda huquqiy madaniyatning yetarli darajada emasligi, o‘z haq-huquqini himoya qila olmasligi jamiyatda adolat mezonining buzilishiga olib keladi. “Yuksak huquqiy madaniyat – mamlakat taraqqiyoti kafolati“ degan g‘oya asosida sayyor sud majlislarida, aholi bilan bo‘lgan uchrashuvlarda ularning huquqiy savodxonligini oshirish borasida viloyat sudining sudya va sud xodimlari tomonidan tizimli ravishda keng qamrovli huquqiy targ‘ibot tadbirlari amalga oshirilmoqda.

Korrupsiyadan xoli qonun ustuvorligi ta’minlangan huquqiy demokratik davlat barpo etishda har birimiz o‘z hissamizni qo‘shmog‘imiz lozim. Zero, korrupsiyaga qarshi kurashish har bir sof vijdonli insonning, demokratik jamiyat va davlatning burchidir.

Ilhom Qoraboyev,

Samarqand viloyat sudi malaka hay’ati raisi.