Sobiq talaba firibgarlikka qo‘l urdi
2020 yilning 26 yanvar kunidan 9 mart kuniga qadar bo‘lgan vaqt oralig‘ida 27 yoshli Ilhomjon E. Toshkent shahri Olmazor tumanida joylashgan yoshlar ittifoqi binosi oldida Samarqand viloyatidan kelgan tanishlari Gavhar K. va Asatullo A. larga o‘zini "Xalq ta’limi vazirligida tarjimonman", deb tanishtiradi.
So‘ngra ularga O‘zbekiston Milliy universitetining biologiya va kimyo fakultetining sirtqi ta’lim bo‘limiga “superkontrakt” asosida qabul bo‘layotganligini, 12 ta o‘rin ochilib, ushbu o‘rinlarni to‘ldirish vazifasi unga yuklatilganligini, tanishlariga yordam berishini va atigi uch barobar miqdorda "super kontrakt” to‘lovini amalga oshirishlarini aytib ishonchiga kiradi.
Ilhomjon E. buning eavaziga ulardan jami 3.500 AQSh dollari miqdoridagi pulni aldov yo‘li bilan olib, o‘z ehtiyoji uchun sarflab yuboradi.
Mazkur holat yuzasidan Olmazor tumani IIB huzuridagi tergov bo‘linmasi tomonidan Ilhomjon E.,ga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “B” bandi (Firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, u tergovga kelishdan bo‘yin tovlab yashirinib yurganligi tufayli, unga nisbatan qidiruv e’lon qilingan.
Olib borilgan tezkor qidiruv harakatlari natijasida Ilhomjon E., Yakkasaroy tumani hududida IIB xodimlari tomonidan ushlangan.
Tergov harakatlari davomida aniqlanishicha, Ilhomjon E., Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida tahsil olib, keyinchalik talabalar safidan o‘chirilganligi ma’lum bo‘lgan.
IIV huzuridagi Tergov departamenti xabariga ko‘ra , hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.