Sobiq tankchi universitetda 50 yil dars berdi

Ikkinchi jahon urushida fashizm ustidan g‘alaba qozonilganiga 76 yil to‘ldi. Bugungi tinch-osoyishta hayotimiz, el-yurt farovonligi uchun lozim bo‘lsa shirin jonini ayamagan vatandoshlarimiz borki, bunday insonlar jasorati va mardonavorligi oldida hamisha bosh egamiz. Ular hayot bo‘lsa ardoqlab, marhumlari yodini doimo qalbda saqlaymiz. Ana shunday qadrli insonlardan biri, ustozimiz Rashid Rahmonov edi.

R.Rahmonov 1924 yilda Tojikiston Respublikasi, Xo‘jand shahrida tug‘ilgan. U Ikkinchi jahon urushi yillarida minglab vatandoshlarimiz qatori jangga otlangan va yosh safdoshlari bilan birga fashistlarga qarshi jang qilgan.

Urush yillarida juda ko‘p azob-uqubatlarni yengib o‘tib, fashistlar tomonidan bosib olingan hududlarni ozod qilishda mardonavor jang qilgan. Rashid Rahmonov urush yillarida tankchilar batalonida xizmat qilgan va  keyinchalik o‘zi ham tankchi bo‘lib, shiddatli janglarda ishtirok etgan. Xususan,  Kursk uchun kechgan urushda qahramonlarcha jang olib borib, yaralangan.

Urushdan qaytgach, SamDU fizika-matematika fakultetiga o‘qishga kirdi va hayoti talabalik davridan boshlab Samarqand davlat universiteti bilan bog‘landi.

Rashid Rahmonov o‘qish davrida tirishqoqligi va mehnatsevarligi bilan o‘qituvchilar hurmatini qozonib, universitetga ishga qabul qilingan. Ustoz ko‘p yillar davomida bir sinf integro-differensial tenglamalar va Gammershteyn tipdagi integral tenglamalarning maxsus yechimlarini topish bilan shug‘ullangan va shu soha bo‘yicha respublikaning yetuk olimlaridan biriga aylangan edi. Dotsent Rashid Rahmonov o‘zining 50 yillik pedagogik faoliyati davomida qariyb 15 yil “Oliy matematika” kafedrasi mudiri, mexanika-matematika fakulteti o‘quv ishlari bo‘yicha dekan o‘rinbosari lavozimlarida mehnat qilgan.

Ustoz fakultetda o‘quv jarayonini samarali tashkil etishda, yosh mutaxassislarni ishga qabul qilishda hamisha jonbozlik ko‘rsatgan edi. O‘sha paytda ustozning fidoyiligi, say’-harakati natijasida ishga olib qolingan ko‘plab bilimli, iqtidorli yoshlar bugun fakultetning yetakchi olimlariga aylanishgan.

Fizika-matematika fanlari nomzodi, dotsent Rashid Rahmonov mexanika-matematika fakultetining oliy matematika va differensial tenglamalar kafedrasida 2008 yilgacha, ya’ni 80 yoshigacha mehnat qildi. Hayotligida hamisha shogirdlarining ardog‘ida bo‘ldi. Ustoz universitetda o‘tgan umri davomida o‘z vazifasiga sodiqligi, barcha vazifalarni sidqidildan bajarishi, haqgo‘yligi va insoniy fazilatlari bilan ajralib turar edi. Ilm yo‘lida u kishidagi chidamni, dars berish usullarini, rahbarlik san’atini egallagan shogirdlar bugun ko‘pchilikni tashkil etadi.

Rashid Rahmonov urushdagi xizmatlari uchun bir qator orden va medallar bilan taqdirlangandi. U 2019 yilda 95 yoshida vafot etdi.

Ustozimiz Rashid Rahmonov nomi doim qalbimizda, u kishining mardonavor siymosi oldida doimo ta’zimdamiz.

Akram Begmatov,

matematika fakulteti dekani, professor.