Soch qopchasida yangi tola paydo bo‘la boshlaganda, eskisi to‘kilib ketadi

Inson chiroyining 80 foizi yuz terisi tekisligi hamda sochlarning sog‘lom ko‘rinishi bilan o‘lchanishi isbotlangan. Ammo turli sabablarga ko‘ra, soch to‘kilishi, jilosini yo‘qotishi mumkin. Bu holat barchamizni birdek tashvishga solishi tayin. Ushbu qiziqarli mavzuda SSV matbuot xizmati mutaxassisiga murojaat qildi.

- Boshda o‘rta hisobda 50 mingdan 150 mingtagacha soch tolasi bo‘lishi me’yor hisoblanadi, - deydi Respublika ixtisoslashtirilgan dermatologiya va kosmetologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktor o‘rinbosari Ilhom Rahimov. - Soch follikuladan o‘sib chiqadi. Follikula ostida esa soch qopchasi joylashgan bo‘lib, u yerda soch ildizi rivojlanadi.

Soch qopchasida yangi tola paydo bo‘la boshlaganda, eskisi to‘kilib ketadi. Bu tabiiy jarayon. Ya’ni, har kuni 60-100 donagacha soch to‘kilishi mumkin. O‘rtacha 2 yildan 4 yilgacha yashaydigan soch tolasi asosan kunduzi va ko‘proq bahor hamda yoz oylarida nisbatan tezroq o‘sadi.

Soch - inson organizmidagi eng nozik va eng “jonkuyar” a’zolardan biri. Chunki uning to‘kilishiga tananing boshqa a’zolari kasallanishi yoki asab tolalarining taranglashishi sabab bo‘ladi.

Sochning me’yoridan ortiq to‘kilishi avvalo, nerv tizimining umumiy ahvoli buzilishi tufayli boshlanadi. Bunga ichki sekretsiya bezlari, jigar, me’da-ichak yo‘li a’zolari faoliyatining buzilishi, vitamin yetishmasligi yoki soch folikulalardagi tug‘ma nuqsonlar ham turtki bo‘lishi mumkin.

Seboreya (yog‘ ajralishining buzilishi) natijasida ham sochning erta to‘kilishi ehtimoli bor. Tana haroratining ba’zi infeksion kasalliklar oqibatida uzoq vaqt yuqori bo‘lishi, zaxmga chalinganda va og‘ir operatsiyalardan so‘ng ba’zida soch to‘kiladi. Boshning sochli qismi terisiga zamburug‘ yuqqanligi natijasida ham sochlarimizdan ayrilishimiz mumkin.

Asabiy zo‘riqish, o‘ta charchash va boshqalar oqibatida ko‘pincha soch uya-uya yoki dumaloq-dumaloq bo‘lib to‘kiladi. Ba’zan imtihon davrida o‘ta toliqish, uyqusizlik oqibatida o‘quvchilarda ham soch kamayishi kuzatiladi, deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi axborotida.