Sog‘lig‘imiz – qo‘limizda yoxud karantin choralari nega kuchaytirildi?

Respublika maxsus komissiyasi axborotiga ko‘ra, joriy yil 10 iyuldan 1 avgustga qadar respublika miqyosida karantin cheklovlari joriy etildi. Ya’ni, unga binoan avtomobil harakatini cheklash, viloyatlararo avtotransport qatnovlarini taqiqlash, buyum bozorlari va buyumlar savdosi bilan shug‘ullanuvchi yirik do‘konlar faoliyatini to‘xtatish, oilaviy marosim, to‘y hamda boshqa ommaviy tadbirlar o‘tkazishni taqiqlash ko‘zda tutildi.

Karantin choralarining kuchaytirilishiga nima sabab bo‘lmoqda?

- Bunga o‘zimiz sababchi bo‘lyapmiz, - deydi mehnat faxriysi Eshmirza Toshmurodov. – Bugungi kunda yer yuzida sodir bo‘layotgan voqealarni, jumladan, har qadamda, har lahzada inson hayotiga zomin bo‘layotgan koronavirus kasalligining og‘ir asoratlarini ko‘rib, eshitib turibmiz. Yo‘qotishlar bo‘lmoqda. Bundan o‘zimiz xulosa chiqarmayotganimiz achinarli. Belgilangan tartib-qoidalarga qat’iy amal qilsak bu balodan oson qutulishimiz mumkin.

- Bu kasallikning oldini olish uchun, eng avvalo, uyda qolish, shifokorlarning bergan tavsiyalarini so‘zsiz bajarish, sanitariya-gigiyena qoidalariga rioya etish talab etiladi, - deydi shifokor Erkin Ro‘zimatov. – Kasallikni yuqtirmaslikning oddiy shartlari shular.

Xo‘sh, bugungi sinovli kunlarda biz ana shu qoida-tartiblarga amal qilyapmizmi?

Afsuski, yo‘q.

Kuzatishlar shuni ko‘rsatmoqdaki, ko‘pchilik fuqarolar hali ham karantin mohiyatini tushunib yetmayotgan, ta’bir joiz bo‘lsa uni mensimagan ko‘rinadi. Hali ham ko‘cha-ko‘yda niqob taqmasdan, taqsa ham nomigagina iyagiga ilib yurish, besh-o‘n kishi bir joyda to‘planib olib gurunglashayotgan, ayrim oshxonalarda qoidaga amal qilmasdan ulfatchilik qilayotgan, tungi paytlarda uch-to‘rt kishi bo‘lib bemalol sayr qilayotganlar uchrab turibdi.

Axir karantin nima maqsadda joriy etilgan? Karantin o‘zimizni himoya qilish uchun emasmi? O‘zimizni, farzandlarimizni, oilamizni bu balodan asrash uchun emasmi? Keling, ularni, qo‘ni-qo‘shni, yaqinlarimizni, ayniqsa, ota-onamizni asraylik. Bozorga borganda, jamoat joylarida, do‘konlarda ikki metrlik masofani saqlaylik, quchoqlashib yo qo‘l berib emas, qo‘lni ko‘ksimizga qo‘yib ko‘rishaylik. Hayotimizga o‘zimiz zomin bo‘lmaylik. Bu xastalikning domiga tushib qolishning birdan bir sababchisi o‘zimiz. Nega befarq, ­bee’tibor bo‘lyapmiz?

Davlatimiz o‘z xalqining sog‘lig‘i, eson-omonligi uchun qanchalik qayg‘urayotganligini bir o‘ylab ko‘raylik. Bugun shu tartib va qoidalarga qat’iy rioya etmasak ertaga kech bo‘lishi turgan gap.

Dunyoda yuz berayotgan ko‘ngilsiz voqealarni bir eslaylik. Keyingi kunlarda kimningdir oilasidagi mehribonlari, qadrdon do‘sti, qo‘shnisi, hamkasbi bu kasallik tufayli olamdan o‘tmoqda. Bugungi kunda dunyo bo‘yicha millionlar kishi shu bedavo dardga yo‘liqqanligi, mamlakatimizda ham bu raqamlar soni kundan-kun oshib borayotganligi nahotki hech kimni tashvishga solmayapti.

Respublika maxsus komissiyasining ma’lumotiga ko‘ra, bugun, 14 iyul soat 10:00 holatiga yurtimizda koronavirusdan zararlanish bilan bog‘liq holatlar soni 13 ming 872 taga yetgan. Shu vaqtgacha bemorlarning 8 ming 30 nafari kasallikdan tuzalib chiqqan, afsuski, 64 kishi vafot etgan.

Shuni alohida ta’kidlash lozimki, mamlakatimizda tojdor virusning oldini olish yo‘lida bir qator ishlar olib borilmoqda. Tibbiyot xodimlari bu borada kecha-yu kunduz xizmat qilmoqda. Karantin cheklovlari yengillashtirildi ham, biroq yuqorida aytilganidek, bu yengillikni hamma ham to‘g‘ri tushunmadi. Koronavirusga chalinish ko‘rsatkichi bundan ham oshib ketishining oldini olish maqsadida Respublika maxsus komissiyasi avvalgidek qat’iy karantin cheklovlarini o‘rnatishga majbur bo‘ldi.

Xullas, sog‘lig‘imiz o‘z qo‘limizda. Bugungi murakkab vaziyatda barchamiz o‘z sog‘lig‘imizni, o‘z bolamizni, o‘z oilamizni o‘zimiz asraylik.

Adham HAYITOV.