Sog‘lom ijodkor sog‘lom fikr yuritadi

Bu kabi gaplar viloyat Matbuot uyida viloyat endokrinologiya dispanseri mutaxassislari ishtirokida "Noyabr – qandli diabet oyligi" munosabati bilan tashkil etilgan tadbirda aytildi.

Statistik ma’lumotlarga qaraganda, bugun dunyo bo‘yicha 1,9 milliard kishi ortiqcha vazn muammosiga duchor bo‘lgan, 450 million nafarga yaqin kishi qandli diabet kasalligiga chalingan. So‘nggi hisob-kitoblarga ko‘ra, O‘zbekistonning 46 foiz aholisida ortiqcha vazn bilan bog‘liq muammo mavjud. Aholining 18 foizi semizlik, 8,7 foizi esa qandli diabet bilan kasallangan. Samarqand viloyatida qandli diabet bilan 39087 nafar bemor dispanser nazoratiga olingan bo‘lib, ulardan 418 nafarini bolalar tashkil etadi.

Shuningdek, tadbirda premorbid endokrin kasalliklarni erta aniqlash, profilaktik chora-tadbirlarni amalga oshirish, sog‘lom turmush tarzi, to‘g‘ri ovqatlanish hamda jismoniy faollik dasturlarini aholi orasida keng ko‘lamda tatbiq etish bo‘yicha oilaviy shifokorlar biriktirilgan trenerlar tomonidan rejali dastur asosida o‘qitilganligi va hozirgi kunda ham faoliyat yuritayotgani ta’kidlandi.

Bundan tashqari, oylik doirasida, viloyatimiz hududlarida aholi, ayniqsa, ta’lim muassasalari o‘qituvchilari orasida skrining tekshiruv tadbirlari, “Ochiq eshiklar kuni” qon va peshobda qand mikdorini aniqlash ishlari amalga oshirilgani aytib o‘tildi.

Tadbir doirasida jurnalist va blogerlar uchun dispanser mutaxassislari tomonidan qandli diabet, UTT, UZI, okulist, kardiolog va nevropatolog tekshiruvlaridan o‘tkazildi.

-  To‘g‘risi, mutaxassislar tomonidan ijod qilish uchun ham salomatlik muhim, degani gapi meni yanada o‘z salomatligim to‘g‘risida qayg‘urishga undadi, -deydi faxriy ijodkor Tolib Jo‘rayev. – Haqiqatan ham sog‘lom insondagiga sog‘lom fikrlar, g‘oyalar tug‘iladi. Shuning uchun ham bugun tashkil etilgan tibbiy ko‘rik ayni muddao bo‘ldi.

Tadbir viloyat endokrinologiya dispanseri, O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi viloyat bo‘limi hamda viloyat axborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmasi hamkorligida tashkil etildi.

Husan Eltoyev.