«Sog‘lom odamga xayriya olish gunohdir» yoxud «Ko‘rdingmi – tekin, uraver sekin»mi?

Mahallamiz choyxonasi yonidagi maydonchada saxovatpesha bir tadbirkor keltirgan noz-ne’mat-u oziq-ovqatlarni tarqatishardi.
Ulkan «bort»li mashina atrofida navbatda turgan odamlar g‘ij-g‘ij. Ular orasida mahallamizning dimog‘dor, qorinlari meshdek tarang «akato‘ra»largacha ko‘mak olish niyatida ichiga o‘n pud bozorliq sig‘adigan haybatli sumkalarni ko‘tarib olgan.
Bularga nima yetmayapti ekan? Axir bu ko‘mak mahallamizdagi kam ta’minlangan oilalar, bemor, nogiron, beva-bechoralarga qilinayotgan saxovat, e’tibor, ko‘mak-ku?!
Bu to‘ralarda nima yo‘q?! Hiqi to‘lib-toshsayam odamzod hech to‘ymas ekan-da.
«Insoniy yebto‘ymaslik, ochko‘zlikni mahv etish amrimahol». Hadisda aytilgan gap, hikmat bu! Ammo, oriyat, g‘urur, nomus, vijdon-chi?
Qarang, «mechkay to‘ralar» ham go‘yoki odatiy bir holdek hazil-huzul bilan hamma qatori o‘z ulushlarini olib ketishyapti xotirjamgina.
…Shu xil «saxovat bayrami» tomoshasidan qaytishimda mahallamizdagi mehnatkash, halol odam hisoblangan Hikmat akani ko‘rib qoldim. Haliyam sog‘lom, zabardast! U kishi xususida mahallada hazil yuradi: «Hikmat ishni emas, ish Hikmatni izlaydi, chunki u qalbi toza, halol, mehnatkash odam, qo‘lidan hamma ish keladi».
Mana odamning guli! Ammo, men hozir uning ham qo‘lida qora «korzinka» ko‘rdim. Yana hafsalam pir bo‘ldi.
- Ha, Hikmat aka, yo‘l bo‘lsin?
- E, do‘xtir, yangangiz hol-jonimga qo‘ymadi. Ulushimizni olib kelyapman, elga berilayotgan to‘yonada bu!
- To‘yonami yoki beva-bechoraga Xudo berayotgan rizqu nasibami? Halol odam edingiz-ku?!
- E, do‘xtir, qiziqsiz, eldan ajralib shoh bo‘lguncha, elga qo‘shilib gado bo‘l», degan gap bor-a! Oldingizmi siz ham haqingizni, do‘xtir?
- Haqqim… Haqqim nima qiladi? Beva-bechoraning rizqida. Xudoga shukr, sog‘lomman, kuchliman, halol rizqimni topib yeya olaman. Naqshband hazratlari uqtirganlaridek, «Sog‘lom odamning xayriya olishi joiz emas, bu – gunohdir».
Murodim Umrzoqov,
shifokor.