Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Sog‘lom turmush tarzi nafaqat tana sog‘lig‘iga, balki insonning tashqi ko‘rinishiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatadi

Cog‘lom turmush tarzi nima? Uning tarkibiy qismlari nimadan iborat? Bu savol sog‘lig‘ini asrash va mustahkamlashga intiladigan deyarli har bir kishini qiziqtiradi. Sog‘lom turmush tarzi nafaqat tananing sog‘lig‘ini yaxshilashga, balki insonning tashqi ko‘rinishiga ham ta’sir ko‘rsatadi.

Mezonlari
Bu to‘g‘ri ovqatlanish, odamning yoshi va holatiga mos keladigan jismoniy mashqlar qilish, tamaki chekmaslik, alkogol iste’mol qilmaslik, vaqtida uxlash kabi inson tanasining holatiga ijobiy ta’sir qiladigan mezonlardir. Sog‘lom turmush tarzining asosiy qoidalariga rioya qilgan kishi atrofdagilardan ajralib turadi. Uning ko‘rinishi sog‘lom, yuzining rangi toza, qad qomati tik, qarashlari jonli, har doim kuch-quvvatga ega va hatto qiziquvchan bo‘ladi.

Qanday boshlash kerak?
U insonning noto‘g‘ri yashayotganligini anglashdan boshlanadi va har bir kishi uchun bu turli xil yo‘llar bilan - kimdir tarozidagi raqamlarga qarasa, kimdir o‘zini hayotdan qoniqmasligi, charchoq, g‘amginlik va tez-tez kasal bo‘lishi orqali aniqlab oladi.
Ba’zida odamlar ko‘p yillar davomida faqatgina to‘g‘ri ovqatlanish yoki mavsumiy shamollashlarning oldini olish muammolarini hal qilish yetarli deb hisoblashadi. Biroq sog‘lom turmush tarzi - bu nimadandir boshlab, katta narsalarga intilish bilan o‘zini mukammalashtirish bo‘yicha qilinadigan keng ko‘lamli chora-tadbirlardir.

Normal ovqatlanish
Normal ovqatlanishning asosiy qoidasi me’yor va xilma-xillikdir. Chunki organizm barcha kerakli oziq moddalar va mikroelementlarni olishi lozim. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiyalariga ko‘ra, bir kunda odam kamida 200 gramm meva va 300 gramm sabzavot iste’mol qilishi kerak. Shuningdek, iste’molda sut va sut mahsulotlari, tuxum, dukkakli mahsulotlar, baliq, yog‘siz go‘sht va yong‘oq bo‘lishi kerak. Yog‘lardan o‘simlik moylariga afzallik beriladi. Ammo pishiriq, xamir ovqatlar va boshqa shirinliklar juda cheklangan miqdorda iste’mol qilinishi kerak.
Sog‘lom va to‘g‘ri ovqatlanish ichak saratoni, ich qotishi, gemorroy, garstrit, ateroskleroz, gipertoniya, osteoporoz va boshqa ko‘plab kasalliklarning oldini olish uchun asos bo‘la oladi.

Jismoniy faol hayot
Jismoniy faolligi bo‘lmagan kishida komillik haqida so‘z ham bo‘lishi mumkin emas. Sog‘lom turmush tarzining asosi sifatida sport o‘rnini hech narsa bosa olmaydi. Jismoniy mashqlar qon aylanishi, bo‘g‘imlar harakati va ma’lum bir gormonlar ishlab chiqarilishini rag‘batlantirishga va inson tanasining umumiy holatini yaxshilashga ko‘makdosh bo‘ladi.

Hordiq
Inson tanasi, albatta kunlik, haftalik va yillik dam olishga muhtoj. Bu uning asosiy faoliyatiga bog‘liq. Masalan, jismoniy mehnatdan so‘ng uxlab oladi, qiziqarli kitob o‘qiydi yoki shunchaki sevimli kursida o‘tirib hordiq chiqaradi, agar ish faoliyati kamharakat toifaga kirsa, sport zaliga yoki toza havoga qilingan sayr yaxshi dam olish bilan barobar hisoblanadi.

Zararli odatlardan voz kechish
Agar odam tananing umumiy holatiga patologik ta’sir ko‘rsatadigan zararli odatlardan xalos bo‘lmasa, muvozanatli ovqatlanish va jismoniy faol turmush tarzi to‘liq samara bermaydi. Chekish, giyohvand moddalarni iste’mol qilish va spirtli ichimliklarning nojo‘ya iste’moli, albatta inson salomatligi uchun zararli. Shuning uchun sog‘lig‘ingizni saqlab qolish uchun ulardan voz kechish o‘rinli.

Farovonlik
Uzoq umr ko‘rgan insonlar ishtirok etgan tadqiqotlarga ko‘ra, ularda nafaqat to‘g‘ri ovqatlanish va yetarli darajada jismoniy faollik, balki hayotga ijobiy munosabat, mayda narsalardan zavqlanish qobiliyati namoyon bo‘lgan. Kundalik hayotdagi ijobiy narsalarni ko‘ra bilish, baxt hissi bilan yashash, birovga hasad qilmaslik va o‘zi bilan uyg‘unlikda yashash orqali sog‘lom turmush tarziga ma’naviy jihatdan yondashsa bo‘ladi.

Xulosa
Sog‘lom turmush tarziga amal qilish murakkab yumush emas, faqat uning qanchalik zarurligini anglash kifoya.
Muhimi, uzoq yo‘l birinchi qadamdan boshlanganidek, sog‘lom turmush tarzi amallariga rioya qilish bizning har birimiz sog‘lig‘imizni mustahkamlaydigan yoki uni yo‘qqa chiqaradigan xatti-harakatlar o‘rtasida har kuni qilishimiz kerak bo‘lgan ongli tanlovga bog‘liq.

Bahora MUHAMMADIYeVA tayyorladi.