So‘lim shaharchasi qachon o‘z nomiga mos bo‘ladi?
O‘n mingdan ziyod aholi istiqomat qilayotgan So‘lim qo‘rg‘oni - Samarqand shahrining chekka hududlaridan biri. Uchta mahalladan iborat mazkur shaharchaning muammolari keyingi yillarda barchaning e’tibor markazida bo‘lib kelyapti.
Shaharcha aholisi qariyb 20 yildan beri ichimlik suv, tabiiy gaz, elektr energiyasidagi uzilishlardan bezor bo‘lgandi. Ko‘cha va yo‘llarning xarob ahvoli hamda obodonchilik ishlari tashkil etilmaganligi sababli shaharcha o‘rtasidan o‘tgan Darg‘om kanali yoqalariga to‘kib ketilayotgan minglab tonna chiqindilarning badbo‘y hidiga chidab bo‘lmay qolgandi.
Uch yil ilgari aholi murojaatlaridan so‘ng viloyat hokimi E.Turdimov tashabbusi bilan Navro‘z, Yoshlik va Chilquduq mahallalarida qurilish-ta’mirlash va obodonlashtirish ishlari boshlandi. Shaharcha markazidagi Navro‘z mahallasiga markaz qurildi. Ko‘chalar obodonlashtirilib, asfalt qilindi. Yangi ko‘chalarga tosh to‘kildi. Simyog‘ochlar beton ustunlarga almashtirildi, transformatorlar yangilandi. Shaharcha chiqindilardan tozalandi.
Viloyat hokimi tashabbusi bilan boshlangan ishlardan so‘ng shaharchamizga fayz kirib qoldi, - deydi “Navro‘z” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Baxtiyor Umarov. - Ko‘chalarimizning 80 foizi asfalt qilindi. Mahallamizdagi 3 ta transformator kuchaytirildi, bittasi yangilandi. Mingga yaqin mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari o‘tqazildi.
Biroq Darg‘om kanalining chap tomonida yashayotgan aholi mahalla markaziga kelishda ko‘prikdan o‘tishga qiynaladi. Ayniqsa, qish kunlari maktabga qatnaydigan o‘quvchilarga bu holat noqulaylik tug‘diradi.
Samarqand shahri hokimi yangi ko‘prik quramiz, deb va’da bergan edi. Biroq dasturdan qolib ketdi. Shuningdek, sovuq kunlari Muhandislar, Chavg‘on va Mevali ko‘chalaridagi 200 ga yaqin xonadonga bosimi tushib ketganligi sababli tabiiy gaz kelmay qoladi. 2019 yilda shag‘al to‘kilgan o‘nta ko‘cha haligacha asfalt qilingani yo‘q. “Maxsus suv qurilish invest” kompaniyasiga qarashli “M-3” MChJ ishchilari tomonidan uchta mahalla bo‘ylab 4,8 kilometr masofaga oqova tarmog‘i tortildi. Biroq olti oy o‘tib ketgan bo‘lsa-da, hanuz kanalizatsiya ishga tushgani yo‘q. Kamiga asfalti kesib olingan ko‘chalar qaytib sozlanmadi.
Uyimiz orqasidagi ko‘cha ostidan ichimlik suv tarmoqlari o‘tgan, - deydi Kishinyov ko‘chasida yashovchi Gulsara Hazratqulova. – Lekin eskirib, teshilib qolganligidan har doim yerto‘lamizni suv bosadi. Bir necha marta “Suv ta’minot” MChJ Samarqand shahar filialiga murojaat qildik. Nihoyat, joriy yilning iyun oyida kelib, quvurlarni almashtirishdi, biroq asfalt qilishni unutishdi.
Onaxonning hovlisida mevali daraxtlar orasida turgan eski simyog‘ochga ko‘zimiz tushdi. Aytishicha, yana 20 dan ziyod hovlida xuddi shunga o‘xshagan simyog‘ochlar elektrchilarning yodidan ko‘tarilib almashtirilmay qolgan.
Shaharchaning Yoshlik mahallasida ham yuqoridagi kabi muammolarni ko‘rish mumkin. 2019 yilda “Obod mahalla” dasturiga asosan obodonlashtirish ishlari olib borilgan bo‘lsa-da, mablag‘ yetishmasligi sababli ko‘p ishlar chala qolgan. Jumladan, mahallaning ichki ko‘chalari asfalt qilinmagan. Yo‘l chetiga beton ariqlar o‘rnatilmay qolgan. Shuningdek, bolalar maydonchalari, sport o‘yingohi yo‘q. Nuroniylar maskani xaroba ahvolda. Suv oqova tizimlari ham ishlatilmagan.
Mahalladoshlarimiz har kuni yo‘l infratuzilmasi yomonligi, shart-sharoit yaratilmaganligidan shikoyat qilib kelishadi, - deydi “Yoshlik” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Xurshida Qurbonova. – Beton ariqlar o‘rnatilmaganligi sababli yomg‘ir yoqqanida ko‘chalarni suv bosib, xonadonlarga kirib ketadi. Beton ustunlar o‘rnatildi, biroq 60 dona eski simyog‘och olinmadi. Ayrim ko‘chalarda beton ustunlar tarmoqqa ulanmagan, tungi yoritkichlar qo‘yilmagan. Viloyat hokimining sayyor qabuliga borib, muammolarga yechim topishda yordam so‘radik.
Mahalla raisi 10-oilaviy poliklinikaga qarashli So‘lim filialining oldidagi eski shifoxona o‘rnida bolalar maydonchasi va sport o‘yingohi qurish tashabbusi bilan chiqayotganini ta’kidladi. Biroq 1 gektarga yaqin yer viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasiga qarashli bo‘lganligi uchun ajratib berish qiyin bo‘layotganini aytdi.
Chilquduq mahallasidagi obodonlashtirish ishlari boshqalaridan qolishmaydi. Muammolari ham qo‘shni mahallalarnikiga o‘xshash. Ko‘chalar abgor, ariqlar ko‘milib ketgan, tabiiy gaz bosimi past, simyog‘ochlar almashmagan...
- Ko‘chalarimizga tosh to‘kishdi, lekin asfalt qilinmadi, - deydi mahallada yashovchi 80 yoshli Sharof Ma’rupov. - Irrigatsiya tarmoqlari yo‘qligidan ko‘chalar ko‘lga aylanib boryapti. Bolalarimiz maktab va bog‘chaga borishga qiynalishadi. Biz, qariyalar esa mahalla markaziga bormay uyda qamalib o‘tiramiz. Chunki, darvozamiz oldi yomg‘ir suviga to‘ladi. Qattiq shamol bo‘lsa, “svet” o‘chadi. Ko‘chalarimiz tungi yoritish chiroqlari yo‘qligi sababli, zim-ziyoga aylanadi.
Mahallalarni aylanar ekanmiz, har bir ko‘chadan o‘tganimizda qop-qop chiqindi uyumiga va ularni titayotgan itlarga ko‘zimiz tushadi. Xazonrez vaqti emasmi, shamol barglarni bir ko‘cha qilib “aylantirmoqda”. Aytishlaricha, to‘rt haftadan buyon chiqindi tashish mashinasi kelmayotgan ekan.
- Har hafta juma kuni “Maroqandobod” DUK mashinalari kelib shaharchani aylanib, yig‘ilgan chiqindilarni olib ketar edi, - deydi Navro‘z mahallasida yashovchi Ravshan Ahmedov. – Lekin mana 3-4 haftadirki, kelgani yo‘q. Hamma joy chiqindiga to‘lib ketdi. Barg-xazonlarni to‘plab, yoqib bo‘lmasa... Shusiz ham kanalning yoqasi chiqindiga to‘lib ketgan.
10-oilaviy poliklinika filialida ham qator muammolar bor ekan. O‘n ming aholi yashaydigan shaharchaga bitta ham “tez yordam” mashinasi ajratilmagan. Og‘ir bemorlarni Samarqand shahridagi tez yordam bo‘limiga olib borishga majbur bo‘lishmoqda.
Xullas, So‘lim shaharchasida uch yil ilgari boshlangan “Obod mahalla” dasturlari to‘liq amalga oshirilmagan. Qurilish-ta’mirlash va obodonlashtirish ishlari chala qolgan. Samarqand shahar hokimligi mutasaddilari shaharchaga borib, ishlarni nazoratga olmasa bo‘lmaydi. So‘lim shaharchasi o‘z nomiga mos holda so‘lim maskanga aylanishi kerak.
Dilmurod To‘xtayev.
***
Baxtiyor Mustanov olgan suratlar.