Soliq tizimida korrupsiyaviy holatlarga yo‘l qo‘yilmayaptimi?
Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha Samarqand viloyat idoralararo komissiyasining bu galgi yig‘ilishi viloyat davlat soliq boshqarmasida bo‘lib o‘tdi. Bu bejiz emas.
Chunki tadbirda soliq tizimida korrupsiyaviy holatlarga yo‘l qo‘ymaslik, kasbga sadoqat va mas’uliyat, vijdon tamoyillari asosida faoliyat yuritish muhim ekanligi qayd etildi. Shuningdek, korrupsiya jinoyati bilan bog‘liq sodir etilgan holatlar aniq misollar bilan tahlil qilindi.
Unda Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha Samarqand viloyat idoralararo komissiyasi raisi, viloyat prokurori R.Masharipov, viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i Sh.Rahmonov, Oliy Majlis Senati a’zosi F.Toshev, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi mas’ul xodimi S.Mamanov, viloyat DSB boshlig‘i A.Inag‘omov va boshqalar korrupsiya hamda unga sabab bo‘luvchi omillar, ushbu illatning oldini olish borasida amalga oshirilayotgan ishlar xususida gapirdi.
Yig‘ilishda korrupsiyaning oldini olishda jamoatchilik ishtirokini kuchaytirish taklif qilindi. Xususan, sodir etilgan holatlar keng jamoatchilik ishtirokida tahlil qilinishi belgilab olindi.
– Komissiyaning bugungi yig‘ilishi soliq tizimida poraxo‘rlik, mansab vakolatini suiiste’mol qilish kabi salbiy illatlarning oldini olishda muhim ahamiyatga ega, – dedi viloyat davlat soliq boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i G‘ayrat Matsapayev. – Bugungi kunda davlat soliq xizmati organlari tizimidagi har bir xodim o‘z faoliyatini tadbirkorlarning maslahatchisi va ko‘makchisi tamoyili asosida olib borishi lozim. Halollik va mas’uliyatni o‘ziga asosiy mezon qilib belgilagan xodimning tizimda obro‘si baland bo‘ladi. Bu esa, o‘z navbatida, tizimda korrupsiya bщlmasligini ta’minlaydi.
Samarqand viloyati davlat soliq boshqarmasi axborot xizmati.