Somon poyalari yoqilishiga yo‘l qo‘ymang!

Viloyatimizda g‘alla yetishtirishda fermer xo‘jaliklar 2020 yil g‘alla-yig‘im mavsumini boshlab, ulkan xirmon yaratish arafasida.

Keyingi yillarda g‘allasi o‘rib olingan maydonlarda ayrim fuqarolar tomonidan somon poyalari hamda uning qoldiqlarini yoqib yuborish kabi nojoiz xatti-harakatlar sodir etilmoqda.

O‘tgan yillardagi g‘alla o‘rim mavsumida ortirilgan tajribalar shuni ko‘rsatdiki, ayrim fermer xo‘jalik rahbarlari har xil bahonalar bilan samon poyasini yoqib ketganligi yoki boshqa sabablarni ro‘kach qilib, vaziyatni izohlash bilan javobgarlikdan o‘zini olib qochmoqchi bo‘ladilar.

Vaholanki, bu kabi holatlar yuzasidan yer egasi tegishli tartibda, qonun oldida javobgar bo‘ladi.

Boshoqli don ekinlari hosilini yig‘ishtirib olishga doir tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risidagi Hukumat qarorida g‘alla o‘rim-yig‘imida somon poyalarini yoqib yuborishning oldini olish borasida tegishli tadbirlarni bajarish talab etilgan. Bu tadbirlarda halqimizning sog‘lig‘i, atrof-muhit muhofazasi, tuproq unumdorligini muhofaza qilish nazarda tutilgan.

Agar 1 gektar maydonda boshoqli don poyasi yoqilganda, atmosferaga 500 gramm azot oksidi, 379 gramm uglevodorod, 3 kilogramm kul, 20 kilogramm is gazi va uglerod oksidi tarqaladi. Oqibatda tirik organizmlarning nafas olishi qiyinlashadi va har xil kassaliklar kelib chiqishi mumkin.

Ota-bobolarimiz yerga, tabiatga va tuproqqa ozor bermagan, balki somon poyalaridan chorva mollariga ozuqa sifatida foydalangan.

Viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi ham don ekinlarining o‘rim-yig‘imi davrida somon poyalarini yoqib yuborilishining, atrof-muhit ifloslanishining oldini olishga harakat qilmoqda.

Jumladan, viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi, tuman inspeksiyalari, ichki ishlar idoralari va yong‘in xavfsizligi xizmati xodimlaridan iborat ishchi guruhlar tashkil etilib, joylarda hosildan bo‘shagan maydonlarning somon qoldiqlarini tezkorlik bilan yig‘ishtirib olish va yoqib yubormaslik yuzasidan targ‘ibot-tashviqot ishlari olib borilmoqda. Mavsum oldidan fermer xo‘jaligi rahbarlari, mahallalar raislarining o‘z hududidagi g‘alla maydonlarida o‘rim-yig‘imni sifatli tashkil etish, mavsumga jalb etilgan kombaynchi, traktor va avtomobil haydovchilaridan yong‘in xavfsizligi qoidalariga to‘liq amal qilishi hamda g‘alla maydonlarini yong‘indan saqlash, o‘rilgan maydonlarning somonini yoqib yubormaslik yuzasidan tushunchalar berishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Amaldagi qonunchiliklar va belgilangan tartibga asosan, agarda boshoqli don o‘rim-yig‘im mavsumida g‘alladan bo‘shagan maydonlarda somon poyasi yoqilishiga yo‘l qo‘yilsa, javobgar shaxslarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi MJTKning 88-moddasi 3-qismi bilan bazaviy hisoblash miqdorining uch baravaridan besh baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa besh baravardan o‘n baravarigacha miqdorda jarima solinib, yerga va o‘simlik dunyosiga yetkazilgan zararlar ham hisoblanib, tegishli tarzda undirib olinadi.

Sherg‘oz ERNIYoZOV,

Samarqand viloyati ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi bosh mutaxassisi.