So‘nggi ikki yarim oyda respublika bo‘yicha 3,5 ming nafardan ziyod fuqarolarning uy-joyi ta’mirlab berilgan

Prezident topshirig‘iga asosan tuzilgan Respublika ishchi guruhi boshchiligida joylarda “Obod xonadon – obod ko‘cha – obod mahalla” dasturi doirasida amalga oshirilgan ishlar bzasi dan ma’lumot berildi. Ma’lum qilinishicha, 56 ta “qizil” toifadagi mahallada 3,5 mingdan ziyod uy-joyi ta’mirga muhtoj va o‘ta og‘ir sharoitda yashayotgan fuqarolarning turar joylari joriy va kapital ta’mirlab berilgan. 900 ga yaqin xonadonga kadastr hujjatlari rasmiylashtirilgan.

Dastur doirasida mahallalardagi 571 ta ko‘chalarda infratuzilma holatini yaxshilash maqsadida 113 km asfalt, 336 km yo‘l shag‘al, 7 km yo‘lga beton yotqizilib, 29 758 m2 piyodalar yo‘lagi barpo etilgan.

Undan tashqari 175 km. uzunlikdagi yangi elektr tarmog‘i tortilib, 1 882 dona yoritish moslamalari o‘rnatilgan, 60 ta yangi transformator o‘rnatilib, 174 tasi ta’mirlangan, 5 188 ta simyog‘och ustunlar beton ustunlarga almashtirilgan, 1 831 ta yangi qo‘shimcha temir-beton ustunlar o‘rnatilgan. 


Joylarda gaz ta’minotini yaxshilash uchun 119 ta gaz taqsimlash punkti ta’mirlangan, 5 km uzunlikdagi yangi tabiiy gaz tarmog‘i tortilgan, 155 km. gaz tarmog‘i ta’mirlangan. Aholi talabidan kelib chiqib, 12 mingdan ziyod qo‘shimcha suyultirilgan gaz ballonlar, 1,6 ming tonna ko‘mir yetkazib berilgan.

Ichimlik suv ta’minoti borasida 183 km uzunlikdagi yangi suv tarmog‘i tortilib, 13 kilometri ta’mirlangan, 7 ta yangi ichimlik suvi inshooti o‘rnatilgan va 18 tasi ta’mirlangan.

Qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida 21 ta ko‘p qavatli uyning 243 m2 tom qismi, 59 tasining kirish yo‘laklari ta’mirlangan.

Aytilishicha, aholining muhtoj qatlamiga ijtimoiy yordamlar ko‘rsatish masalalari ham Respublika ishchi guruhi e’tibori markazida. 

Jumladan, 1,1 ming nafar “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”dagilarga 2 mlrd. 680 mln. so‘mlik turli yordamlar ko‘rsatilgan. Ikki yuzdan ziyod fuqaroga nogironlik aravachasi, protez-ortopediya vositalari yetkazilgan. Yetti mingdan ziyod aholiga bepul dori-darmon vositalari ajratilgan.

Mingga yaqin  fuqaroga 15 mlrd so‘m imtiyozli kredit, to‘rt yuz nafariga 2,5 mlrd. so‘mlik subsidiya olishiga ko‘maklashilgan. Shu bilan birga 206 nafariga tikuv mashinasi va 139 nafar fuqaroga asbob-uskunalar va mehnat qurollari olib berilgan.

O‘tkazilgan targ‘ibot, tashviqot va tushuntirish ishlari natijasida 245 ta oiladagi notinch va nizoli holatlar jamoatchilik aralashuvi bilan bartaraf etilgan. Respublika ishchi guruhi faoliyati davom etmoqda.