So‘rovnoma yakuni: Faqat 32 foiz ishtirokchilar maktab ta’miri uchun pul yig‘ilmaganini bildirdi
Kecha kanalimida “Bu yil maktab ta’miri uchun ota-onalardan pul yig‘ildimi?” savoli bilan so‘rovnoma o‘tkazilgandi.
So‘rovnoma anonim tarzda o‘tkazilib, jamoatchilikning xolis fikrini o‘rganishga qaratilgan. Bir kunlik natija quyidagi ko‘rinish oldi:
32 foiz ishtirokchilar maktab ta’miri uchun hech kim pul so‘ramaganini bildirgan.
Qolgan 68 foiz ishtirokchilar buning aksini u yoki bu tarzda bildirgan.
Masalan, 42 foiz o‘quvchilar “Ha, ta’mir uchun pul yig‘ildi”, degan bo‘lsa, 6 foiz qatnashchilar “Endi yig‘ishyapti”, 5 foiz respondentlar “So‘rashdi, lekin bermadim” javoblariga to‘xtalgan. 15 foiz ishtirokchilar esa “Yig‘ildi, lekin yangi nom topishgan: homiylik” javobini belgilagan.
Shuningdek, ko‘plab o‘quvchilar mavzu yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirmoqda. Jumladan, foydalanuvchilardan biri o‘z shaxsiy mulohazasida maktab uchun ta’mirga pul berish yomon emasligi, faqat buni o‘qituvchilar bolalardan “pul olib kel ta’mirga” deya so‘rashi noto‘g‘ri ekani, maktab rahbari bu masalani ona-onalar bilan muhokama qilishi va istagan kishi homiylik qilishi lozimligini aytgan.
Ko‘plab ishtirokchilar maktab ta’miri uchun o‘quvchilar vositasida ota-onalardan mablag‘ so‘rash xato ekaniga, ular tengdoshlari oldida izza bo‘lishi mumkinligiga urg‘u qaratgan. Yana aksariyat foydalanuvchilar maktab ta’miri uchun pul yig‘ishni endi har qanaqasiga to‘xtatish tarafdori ekanini bildirgan.
So‘rovnoma davom etmoqda. Mavzu yuzasidan jamoatchilikning fikr-mulohazalari o‘rganib boriladi.