Sovuq kunlarda qanday choylar tavsiya etiladi?
Donolar ochiq rangli choylar yilning issiq vaqti uchun, rangi o‘tkir choy esa sovuq kunlarga xos, deb hisoblashgan. Bu juda oddiy va esda qolarli qoida. Shundan kelib chiqib, qishni qora choy mavsumi, deyishimiz mumkin. Qora choy boshqa choy navlari bilan solishtirganda eng kuchli isituvchi ta’sirga ega.
Qishda biz tez-tez shamollaymiz va ko‘pda buning sababi virusli kasalliklar bo‘ladi. Ko‘k choy odam organizmiga mikroblar va virusli infeksiyalar bilan kurashishda yordam beradi. Uning tarkibida yallig‘lanishga qarshi foydali moddalar hamda immunitetni mustahkamlovchi S vitamini mavjud.
Qish kunida sovuq havoda ko‘p turib qolganlarga zudlik bilan zanjabilli choy ichish tavsiya etiladi. Bu choy kuchli davolovchi ta’sirga egaligi bilan qimmatli. U qonni isitadi va viruslarga qarshi kuchli ta’sirga ega. Zanjabilli damlama organizmni qizdirishini inobatga olib, uni yuqori tana haroratidagi bemorlarga berish tavsiya etilmaydi. Shuningdek, homiladorlikning dastlabki oylarida, ovqat hazm qilish a’zolari kasalliklarida, jigar yetishmovchiligida ham zanjabil iste’moli taqiqlanadi.
Yasminli choy asab tizimiga ijobiy ta’sir o‘tkazadi. Ruhiy zo‘riqish va tushkunlikka qarshi kurashish, surunkali charchoqni bartaraf etishda muhim hisoblanadi. Bundan tashqari u tana himoya xususiyatlarini oshirib, salomatlikni mustahkamlaydi. Natijada, insonda sezuvchanlik hissi o‘zgaradi, tashvish va qo‘rquv ichki xotirjamlikka yo‘l beradi.
Yasmin choyi organizmda modda almashinuvini faollashtirish bilan ortiqcha vazndan xalos etadi.
Barcha yaxshi xususiyatlari bilan bir qatorda yasminli choy yurak-qon tomir tizimi va buyrak kasalliklari bilan og‘rigan bemorlarga tavsiya etilmaydi.
Moychechakli choy qanday kasalliklarga davo?
Moychechak damlamasi hazm bilan bog‘liq muammolarni bartaraf etadi. Ichaklarni, oshqozon faoliyatini yaxshilaydi, qayt qilish va jig‘ildon qaynashida samara beradi. Saratonning oldini oladi. Tarkibidagi apigenin sabab saratonga qarshi samarali vosita hisoblanadi. Tinchlantiruvchi ta’sirga ega ekani sabab migrenda moychechakli choy ichish yordam beradi. Xolesterinni kamaytiradi. Tomir tortishishini ham bartaraf qiladi.
Yalpiz vitaminlarga boy tarkibi bilan shifobaxsh ichimliklar orasida alohida o‘rin tutadi.
Uning asosiy unsuri bo‘lgan mentol - yurak-qon tomir, ovqat hazm qilish, asab tizimlari faoliyati uchun foydali. Ichimlik me’da shirasining muvofiqlashtiradi, yallig‘lanish va og‘riqni yo‘qotadi, ovqat hazm qilish tizimini me’yorda tutadi. Namatak tanadan toksinlarni chiqarib tashlash xususiyatiga ega. Shifokorlar ushbu damlamani tonggi ko‘ngil aynishidan aziyat chekuvchi homiladorlarga ham tavsiya etishadi.
Namatak damlamasi qon tomirlari uchun ayniqsa, foydali. Qon bosimini pasaytirishga yordam beradi. Ovqat hazm qilish organlariga foydali ta’sir ko‘rsatadi, yallig‘lanish bilan kurashishda samarali yordam beradi, peshob yo‘llari kasalliklarida antiseptik ta’sir ko‘rsatadi.
Namatak tarkibidagi vitaminlar hisobiga chempionlikka da’vogar bo‘la oladi. Unda limonga qaraganda 50 barobar ko‘proq askorbin kislotasi mavjud. Shuning uchun namatak damlamasi immunitetni mustahkamlashda tengsiz.
Inson hayoti davomida egallab boradigan eng zaruriy ilm bu yashash ilmidir. Har bir sohada me’yorlarni unutmang!
O‘zingiz va yaqinlaringiz salomatligini asrang.
D.Xoliqova