Sovuqni «jimjitlik» bilan yengamizmi?

Ijtimoiy tarmoqlar «portlagan», tahririyatlar-u murojaat qilish mumkin bo‘lgan barcha idoralar rahbarlariga, ayniqsa, kommunal xo‘jalik mutasaddilariga ayni kunlarda faqat shu, gaz, elektr energiyasi, umuman, isitish manbalari kamaygani yuzasidan yordam so‘rayotganlar soni keskin ortdi. Ayniqsa, ko‘p qavatli uylarda yashovchi aholi uyni qanday isitishni bilmay najot so‘rab murojaat qilmagan tashkiloti qolmadi, hisobi. 

Xususan, Zarnews.uz saytining telegramm botiga ham har kuni o‘nlab yurtdoshlarimiz goh achchiq, goh jahl ohangida gaz, elektr energiyasi bilan bog‘liq muammolarni aytmoqda. 

Ammo buni qarangki, ijtimoiy yuki unchalik katta bo‘lmagan xabarlarga ham darhol e’tibor qaratayotgan mutasaddilar bu masalada jim turishni ma’qul ko‘rmoqda, o‘z fikrini bildirmayotir. Go‘yoki qishga tayyorgarlik bo‘yicha allaqachon hisobotlar berib bo‘lingan, kimga qancha gaz berilishi-yu ko‘mir va elektr energiyasi taqsimoti allaqachon hal etilgan. “Endi qishning o‘rtasida menga tegma”, qabilida ish ko‘rilayotganday ular. Yana ozroq sabr qilsangiz, qishdan chiqib olasiz, deyayotganday mutasaddilar. 

Aksariyat holatlarda kommunal sohada aholining qarzdorligi haqida ko‘p gapiriladi. Ammo qish kunlari sovuqdan qiynalayotgan aholiga bunday munosabatda bo‘lish, o‘z navbatida shunday mas’uliyatsizlikning kuchayishiga sabab bo‘lmasmikan?..

To‘g‘ri, tan olish kerak, bundan ikki-uch yil avval gaz, elektr energiyasi masalasi botqoqlikka botib ketgan, ushbu sohada muammosi bo‘lmagan xonadonni topishning o‘zi muammo edi. Ammo aholi uch yil avvalgi holatni emas, bir yil oldingi, bu masala biroz yaxshilangan paytni eslashni istaydi. Zero, aholi hashamat emas, uyini isitish haqida so‘ramoqda. 

Xullas, aholining bong urishiga hozircha jimjitlik bilan munosabat bildirilayotir. Qahraton o‘z qahrini ko‘rsatayotgan paytdagi bunday holat qarzdorning sud oldida javob bergani kabi tegishli idoralarning aholiga shunday hisobdorligi lozimligini bildiradi.

Gulruh Mo‘minova.