Soxta mulozamat kimga kerak?

Mustaqillik bayrami oldidan joylarda yangi maktab va bog‘chalar, tibbiyot muassasalari, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish ob’yektlari ochilmoqda. Ko‘rib, ko‘z quvonadi. Yangi bino yaxshi-da. Lekin...

Lekin shu binolarning ochilish marosimida eshik oldida odamlarni ikki tomonga terib, qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib turishi odati hech yo‘qolmayapti-da. Ayniqsa, maktab yoki bog‘cha, tibbiyot maskanlari ochiladigan bo‘lsa o‘quvchi va tarbiyachilar, hatto ba’zida o‘qituvchilar, hamshiralar rahbarlarni kutib olish uchun safga terib qo‘yiladi. Hech kimga, o‘sha rahbarlarga ham kerak emas-ku bunday mulozamat.
Ishlab chiqarish korxonasining ikkinchi bosqichi ochilishida qatnashdik. Korxona rahbarining o‘zi mehmonlarni kutib oldi, ishchilarni darvoza oldiga qator qilib qo‘ymadi. Hamma o‘z joyida vazifasini bajaryapti. Rahbarning o‘zi yangi loyiha haqida gapirib berdi, sexlarni aylantirdi. Hech kim ishdan qolmadi, mehmonlar ham ish jarayoniga ta’sir ko‘rsatmadi.

Maktab, bog‘cha, shifoxona yoki boshqa ijtimoiy muassasalarni shu tarzda ochishga nima xalaqit qiladi yoki bularning foydalanishga topshirish marosimlarini o‘tkazishning boshqacha tartibi bormi?
Rahbarlar va mehmonlarning hurmati uchun xodimlar, talaba va o‘quvchilar ularni eshik oldida, qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib kutib olishi kerak, degan qarash eskirgan hurmatli tashkilotchilar! Hamma o‘z vazifasini, zimmasidagi majburiyatini bajarsa, bas – shuning o‘zi hurmat, shuning o‘zi tartib, menimcha.