O‘zbekiston-Iordaniya: Xalq manfaatlariga xizmat qiladigan muhim uchrashuv

Samarqandda bo‘lib o‘tgan Prezident Shavkat Mirziyoyev va Iordaniya Hoshimiylar Podshohligi Podshohi Abdulla II ibn al-Husayn o‘rtasidagi uchrashuv xalqimiz, davlatimiz va kelajagimiz uchun tarixiy voqea bo‘ldi.
Bu faqat diplomatik muloqot emas — bu davlatlar o‘rtasidagi ishonchning, xalqlar o‘rtasidagi do‘stlikning va strategik sheriklikning yangi bosqichga ko‘tarilishi bo‘ldi. Bu kabi uchrashuvlar — mamlakatimizning xalqaro huquqiy maydondagi nufuzini mustahkamlaydigan, uni tinchlikparvar va ishonchli sherik sifatida ko‘rsatadigan muhim tayanch nuqtalari hisoblanadi.
Ahamiyatli tomoni, ushbu davlat tashrifi doirasida imzolangan 15 ta muhim hujjat — bu shunchaki qog‘oz emas, balki har bir bitimi ortida xalq hayotiga daxldor bo‘lgan islohotlar, qulayliklar va yangi imkoniyatlar mujassam. Xususan, viza rejimining bekor qilinishi fuqarolar erkin harakatlanishi va turizm, ta’lim, biznes sohalarida aloqalarni yanada mustahkamlashga hissa qo‘shsa, biznes-forumlar tashkil etilishi ikki mamlakat ishbilarmonlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri munosabatlarni rivojlantiradi, oliy ta’lim, ilm-fan, qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash kabi sohalardagi hamkorlik esa yoshlarimiz, tadqiqotchilarimiz, fermerlarimiz va shifokorlarimiz uchun keng imkoniyatlar eshigini ochadi.
Aynan shunday uchrashuvlar orqali yurtimizdagi “inson qadri uchun” degan bosh tamoyil xalqaro darajada ham o‘z isbotini topmoqda. Ishbilarmonlar uchun yangi bozorlar, yoshlar uchun xalqaro stipendiyalar, sayyohlar uchun qulay tartiblar, fermerlar uchun tajriba almashinuvlari, bularning barchasi xalq manfaatlari uchun qilinmoqda.
Samarqanddagi bu uchrashuvning yana bir muhim jihati uning geosiyosiy mazmunida. Bu tashrif orqali O‘zbekiston o‘zining mustaqil, tinchliksevar va barqaror tashqi siyosati orqali mintaqada ham, keng xalqaro miqyosda ham o‘z o‘rnini yanada mustahkamlamoqda. Bu esa nafaqat yurtimiz nufuzini oshiradi, balki investorlar ishonchini ham mustahkamlaydi. Bugungi kunda huquqiy kafolatlar va siyosiy barqarorlik bo‘lmagan joyda investitsiya haqida gap bo‘lishi qiyin. Bizda esa har ikkisi bor, bu uchrashuv esa buni yanada mustahkamlaydi.
Tarix guvohki, dunyo bilan yuzma-yuz, tengma-teng muloqot qilgan davlatlar hamisha yuksalgan. Bugungi O‘zbekiston ana shunday yuksalish yo‘lida sobit qadam bilan bormoqda. Samarqandda boshlangan bu siyosiy muloqot esa bu yo‘ldagi yana bir muhim marra hisoblanadi.
Himmat Oqbo‘tayev,
Samarqand viloyati Kengashi deputati.