So‘zi o‘lmas baxshi yoxud o‘zbek folklorining Navoiysi - Ergash Jumanbulbul o‘g‘li haqida so‘z

Qo‘shrabotning odamlari tanti va mehnatkash, shuning uchun ham dasturxonidan baraka arimaydi. Bu elning yaxshisi ko‘p, o‘z davrida mashhur bo‘lib o‘tgan so‘z ustasi - baxshisi ko‘p. Ularning piru peshvosi Ergash Jumanbulbul o‘g‘li bo‘lib, bu nodir siymoning hali o‘rganilmagan jihatlari ancha-muncha.

U O‘zbekiston xalq shoiri Abdulla Oripov ta’rifidagi “O‘zbek adabiyotining Navoiysi - Alisher Navoiy, o‘zbek folklorining Navoiysi - Ergash Jumanbulbul o‘g‘li”dir.

 Ergash Jumanbulbul o‘g‘lining o‘zi qayd etgan shajaralariga ko‘ra, avlodlari xat-savodli mulla, ma’rifatli insonlar ekanligi anglashiladi va shu barobarida baxshichilikdan va hunarmandlikdan nasibador ekanliklariga ham ishora etiladi. Shu mazmunda ota-bobolari yo‘liga sodiq bo‘lsin, ortlaridan ergashib yursin, deya nek niyat va qadim udumlarga itoatda nomlari Ergash, deb atalgan ekan.

 Mulla Ergan baxshi so‘zga chechanligi va aytuvlari ma’nodorligi bilan ham yaqqol ko‘zga tashlanib turishi kuylagan dostonlarida aksini topgan. Bu qobiliyat ham ajdod meros bo‘lib, yorqin bir misoli bor.

Katta enalaridan birlari Sulton kampirning qozoq oqini bilan savol-javobi ko‘p mashhur aytiladigan va eslanadigan voqea. Bayoni shuki, Qo‘rg‘on baxshilari, xususan, Jumanbulbulning shuhratini eshitib qozoq oqinlaridan biri Qo‘rg‘onga kelibdi. Bu uydirma emas, bo‘lgan voqea ekanligini folklorshunos olim Sh.Turdimov quyidagicha bayonlaydi:

- Ba’zi manbalarda oqinning ismi Moylixo‘ja deyiladi. XIX asrning o‘rtalari, aynan Jumanbulbulga zamondosh yashagan ikki Moylixo‘ja nomi qozoq folklorshunosligida e’tirof etilgan. Birlari Keles atrofida, boshqasi Qizil O‘rda tarafda yashagan. Bizning nazarimizda, Jumanbulbul bilan do‘st tutingan oqin Qizil o‘rdalik Moylixo‘ja bo‘lishi mumkin. Jo‘g‘rofiy nisbatdan olinsa, Nurota va Qizil O‘rda orasi ancha yaqin va bu hududlar o‘rtasida doim madaniy-iqtisodiy aloqalar bo‘lgan...

Xullas, oqin kunning issig‘ida Qo‘rg‘onga kelgan. Qarasa, bir keksa ayol quduqdan suv tortib, mollarning novini to‘ldirayotibdi. Ayol – Sulton kampir ekan.  Oqin salomlashib, otini novdagi suvga qo‘yib, ko‘ngliga bir gap kelib, shu momoydi tebratib qo‘yay, deb Oqtovga yuzlanibdi va dona-dona qilib savol tashlabdi:

Sendan savol so‘rayman turgan zayip,

O‘si turgan tovlaring necha jasar?

Sulton kampir bir gap bo‘larini ichida sezib turganmiki, kamondan otilganday, hayallamay javob qilibdi:

Xudoyimning ishin ko‘r,

Falakding gardishin ko‘r,

Men bilmayman joshini,

Ovzin ochib, tishin ko‘r.

 Oqin: “Bu elning nomi chiqmagan ayoli shunday chechan bo‘lsa, elga doston Jumanbulbuli qanday bo‘ldi ekan...”, deb iziga qaytib ketgan ekan.

Keyinchalik o‘sha oqin Jumanbulbul bilan do‘st tutinib, borishli-kelishli bo‘lgan, deyishadi. Sulton kampirning oqinga bergan javobida, oqinning bu javob quvvatini anglab, iziga qaytishida ulkan hikmat bor.

Ergash Jumanbulbulning yozishicha, u o‘smirligidan el kezib-yurt kezib doston kuylaydi, tabiblik qiladi, naqqoshlik bilan shug‘ullanadi.

Bu davrlarda Ergash baxshi favqulodda noyob xotira, talant sohibi sifatida tanila boshlagan. Dostonlarni borlab aytishi, og‘ziga kelganini demasdan, avval aytganidan keyingisini boyitib aytishi elni befarq qoldirmaydi. Ixlosmand va havasmandlar soni osha ustoz baxshiga aylana boradi. Husnu xulqi bilan e’tibor topadi.

Ergash Jumanbulbul 1924-25 yillarda qishloq bolalari boshlang‘ich savodini chiqarish niyatida maktab ham ochadi. Ammo 1925 yilning kuzida O‘zbeklarni o‘rganish komitetining tashabbusi bilan Samarqand shahriga chaqirilgach, maktab faoliyati to‘xtab qoladi.

Shundan keyin u baxshichilikka asosiy e’tiborini qaratadi. Natijada u aytgan dostonlar Samarqandda folklorshunos Xodi Zarif rahbarligida yozib olinadi. Shu tariqa Mullo Ergash Jumanbulbul o‘g‘li dostonlar satriga ezgu dardlarini ko‘chirib, hikmat satrlarni shoyon kuylaydi.

 Aytardan to‘xtamagan va hikmatli meroslari bo‘lgan “Go‘ro‘g‘li” (tug‘ilishi va bolaligi), “Xoldorxon”, “Xushkeldi”, “Avazxon”, “Hasanxon”, “Dalli”, “Ravshan”, “Xiromon”, “Qunduz va Yulduz”, “Nurali”, “Alpomish”, “Yusuf-Ahmad”, “Alibek bilan Bolibek”, “Kuntug‘mish”, “Yakka Ahmad”, “Vomiq-Uzro”, “Qumri”, “Oshiq G‘arib”, “Qizjibek”, “Tulumbiy”, “Maxtumquli” kabi dostonlarining har biri bir maktab. Bu dostonlarning ma’no zamirida islom bor, iymon bor, ruhiy tarbiya bor.

Xossatan, Ergash baxshi ulug‘ avliyo Ahmad Yassaviy va bu zoti boborokatning tariqati yo‘liga mahbub bo‘lgan Hakim ota Boqirg‘oniy, So‘fi Ollohyor, Mashrab, Huvaydo, Maxtumquli kabi hikmat va donish sohiblariga payrov bo‘lib do‘mbirasini sayratgan.

 Yassaviya tariqatiga mansubliklari dostonlarida o‘z aksini topgan. Bu haqiqatni anglash va ommaga anglatish shu sohada fikru mushohada yuritayotgan zamondosh olimlarimiz zimmasidagi muhim vazifalardan biri. Chunki aslini aslicha ko‘rsatish ilm kishilariga xos.

Quyida e’tiboringizga Ergash Jumanbulbulning birgina dostoni - "Qunduz bilan Yulduz"dan olingan misollar bilan Hazrat Ahmad Yassaviyning “Hikmat”larini qiyoslash fikrimiz isboti uchun asqotishidan umidvormiz:

Ergash baxshida:

 (Pandu nasihat mavzusida )

Nuralijon, bir pandiyot aylayin,

Sen bo‘lmasang har kunda dod aylayin,

Bir paslga ot jilovin to‘xtatgin,

Tur, yarqinim, bir nasihat aylayin.

Hazrat Ahmad Yassaviyda:

Maning hikmatlarim nodon eshitmas,

Vale ko‘ngli qaro pandimni tutmas.

***

Qul Xoja Ahmad, bu hikmatni kimga ayding,

Orifman deb xaloyiqg‘a o‘qub yoyding,

Ta’sir qilmas olimlarg‘a ayg‘on panding,

Orif uldur, tan mulkini vayron qilur.

Ergash shoirda:

(Manmanlikni qoralash mavzusida )

O‘zingdan pastlarman har yo‘lga ketma,

Bolam, aytgan nasihatim unutma,

Oldingdan kim chiqsa salomsiz o‘tma,

Bir g‘aribni ko‘rsang zinhor og‘ritma.

 ***

Aytgan so‘zni esingga ol, chirog‘im.

Zinhor manmanlikning yo‘lini tutma.

 

Hazrat Ahmad Yassaviyda:

Qayda ko‘rsang ko‘ngli sinuq, marham bo‘lg‘il,

Andog‘ mazlum yo‘lda bo‘lsa hamdam bo‘lg‘il.

Ro‘zi mahshar diydorig‘a mahram bo‘lg‘il,

Moumanlik xaloyiqdin qochtim mano.

 

Ergash shoirda:

(Shaytonni la’natlash mavzusida )

Qirg‘iy degan qushlar bo‘lar qiyoda,

Ilohim davlating bo‘lgay ziyoda,

Ulug‘ so‘zlab shayton bo‘ldi Azozil,

Azozilday olim o‘tmas dunyoda.

Hazrat Ahmad Yassaviyda:

Jonu dilda haq zikrini aytib mudom,

Shayton lain yo‘llaridin qochtim mano.

Hikmatimni eshitgonga ulush beray,

Hikmat eshtib yig‘lag‘onni mehmon qilay,

Andog‘ oshiq yo‘lda qolsa qo‘lin olay.

Jon berarda imon eltar, do‘stlarimo.

Xullas, demoqchi bo‘lganimiz shulki, o‘zingiz o‘qib, o‘zingiz guvoh bo‘lganingizdek, Ergash Jumanbulbul o‘g‘liga g‘oyibdan talant yetgan, aqlu idrokda davrining peshqadami bo‘lgan, o‘tmish salaflari dolzarb bilgan mavzularni baralla davom ettirgan. U shunday ahli donish, avliyonamo va zakiy zot jumlasidan bo‘lgan.

 Taqdiru qismat boshiga solgan yo‘qotish va qiyinchiliklarga sabru bardosh bilan ham hayrat eshigini ochgan bu aziz zot uzoq yillar ijodi zamon mafkurasiga moslashtirib talqin etilib kelindi. Shukrlar bo‘lsinki, Istiqlol ne’matidan bobahralik ezgu armonlar boshidan soyalarni aritdi.

 Xalqimiz ulug‘ avliyolar Ahmad Yassaviy Hakim ota Boqirg‘oniy, So‘fi Ollohyor, Mashrab, Huvaydo, Maxtumquli kabi hikmat va donish sohiblariga payrov bo‘lib do‘mbirasini sayratgan mulla Ergash shoirning asliyatini ommaga to‘laligicha yetkazish fursati allaqachon yetgan. Iqrorimiz shuki, Ergash shoir Qo‘shrabotni chin ma’nodagi ma’naviyat timsoli. Zero, Ergash Jumanbulbul o‘g‘li deyilganda Qo‘shrabot, Qo‘shrabot deyilganda bu siymo eslanadi. Qolgani o‘zingizga havola.

Suyundik Mustafo Nurotoiy,

O‘zbekiston Yozuvchilari uyushmasi a’zosi.