Sport tufayli kasallikni yengayotgan ayollar soni ko‘paymoqda
Samarqandda viloyat xotin-qizlar qo‘mitasi, jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi ӽamkorligida 50 yosh va undan yuqori uy bekalari hamda 10 yoshgacha bo‘lgan qizlar ishtirokida sport festivali o‘tkazildi. Festivalning ochilish marosimida Samarqand viloyati jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi boshlig‘i Shuhrat Ro‘ziyev, O‘zbekiston xotin-qizlar qo‘mitasi vakili Shavkat Qozoqboyev so‘zga chiqib, xotin-qizlar o‘rtasida o‘tkazilayotgan bu kabi tadbirlar joylarda ular o‘rtasida sportning ommalashayotganiga turtki bo‘lganini ta’kidlab o‘tdi.
Viloyatning barcha shahar va tumanlaridan 200 nafarga yaqin ishtirokchi o‘z yosh toifasiga ko‘ra, sportning eng nafis va jozibali sport turi bo‘lgan, raqs va badiiy gimnastika elementlarini o‘zida mujassam etgan gimnastrada bo‘yicha bellashdilar.
- Mana 5 yildan beri sport bilan shug‘ullanib kelmoqdaman, - deydi Jomboy tumanidan kelgan 60 yoshli Hanifa aya O‘ralova. - Har kuni ertalab mahallamiz ayollari bilan yuguramiz, mashqlar bajaramiz. Aslida bundan 5 yil oldin yurak qon bosimi bilan hastalanib shifoxonaga tushgandim. O‘shanda tuman, shahar shifokorlari muntazam ravishda sport bilan shug‘ullanishim kerakligini tavsiya etishdi. Shundan beri sport bilan shug‘ullanib kelmoqdaman, kasallikni ham yengib yaxshi bo‘lib ketdim. Atrofimga mahallamizdan 15 ta ayolni to‘plaganman, birga sport bilan shug‘ullanib kelmoqdaman.
- To‘rt yil avval shifokorlar grija tashxisini qo‘yishgandi, sport bilan shug‘ullanib undan xalos bo‘ldim, - deydi Past Darg‘om tumanidan kelgan yana bir ishtirokchi Kimyo Murodova. – Shundan beri muntazam shug‘ullanib kelmoqdaman. Kunda mahallamizdagi 41-maktab sport zalida 20 nafarga yaqin xotin-qizlar shug‘ullanamiz. Sport bilan shug‘ullanganimizdan beri oyoqlar og‘rimaydi, yurak qisilishi ketgan, kayfiyatimiz yaxshi, doim kutarinki ruhda yuramiz. Sport o‘yinlaridan basketbol o‘ynaymiz. Faqat nafaqadagi ayollarga emas, balki yoshlarga ham muntazam sport bilan shug‘ullanishni tavsiya qilaman.
Tadbir yakunida eng faol jamoa, eng yaxshi xoreograf, intizomli, quvnoq, chiroyli nominatsiyalar bo‘yicha g‘oliblar aniqlanib, tashkilotchilar tomonidan diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi.
Munisa Shamsiyeva.