Sport xabarlari

Ommaviy yurish

Samarqand eshkak eshish kanalida yuqumli bo‘lmagan kasalliklar profilaktikasi, sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash va aholining jismoniy faolligini oshirish maqsadida ommaviy yurish marafoni tashkil etildi.

Viloyat jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan targ‘ibot tadbirida ta’lim muassasalarining 1000 nafardan ortiq o‘quvchi-yoshlari, sport federatsiyalari mas’ullari, tibbiyot muassasalari ishchi-xodimlari qatnashdi. Badantarbiya mashqlaridan keyin ishtirokchilar 5 kilometr masofani bosib o‘tdi.

Tadbirda viloyat velosportchilarining ko‘rgazmali chiqishlari ham namoyish etildi. Eng faol ishtirokchilar tashkilotchilar tomonidan taqdirlandi.

Shaxmat

Oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida “Talabalar shaxmat taxtasi” musobaqasining viloyat bosqichi o‘tkazildi.

Prezidentimizning 5 ta muhim tashabbusi ijrosi doirasida o‘tkazilgan musobaqada barcha oliy ta’lim muassasalarining talabalari qatnashdi. Ular orasidan o‘g‘il bolalar bahsida Samarqand davlat tibbiyot instituti talabasi Inoyatullo Rahimov hamda qiz bolalar o‘rtasida Samarqand davlat universiteti talabasi Gulhayo Narziqulova birinchi o‘rinni egalladi.

Shuningdek, umumta’lim maktablari hamda kasb-hunar ta’limi muassasalarining o‘quvchilari ishtirokida “Yoshlar shaxmat taxtasi” musobaqasining viloyat bosqichi ham bo‘lib o‘tdi.

Og‘ir atletika

Birlashgan Arab amirliklarining Dubay shahrida og‘ir atletika bo‘yicha kattalar va yoshlar o‘rtasida Osiyo chempionati bo‘lib o‘tdi.

Ushbu nufuzli musoboqada Qitamizning saralangan sportchilari orasida viloyatimiz vakillari, Toyloq olimpiya zaxiralari maktab-internatining og‘ir atletika bo‘limi tarbiyalanuvchilari Sharofiddin Amriddinov va Akobir Xojiyev o‘z vazn toifasida g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.

Sharofiddin musoboqaning dast ko‘tarish bahsida 135 kilogramm, siltab ko‘tarish bahsida 155 kilogramm, umumiy hisobda  290 kilogramm vazndagi og‘irlikni bo‘ysindirib, musoboqaning mutlaq chempioni bo‘ldi. Akobir esa kattalar o‘rtasidagi dast ko‘tarishda 144 kilogramm, siltab ko‘tarishda 183 kilogramm, ikki kurash natijasi bo‘yicha 327 kilogramm natija ko‘rsatib, musobaqaning bronza medaliga sazovor bo‘ldi.

Shuningdek, viloyatimizning og‘ir atletika bo‘yicha bosh murabbiyi Akobir Usmanov ushbu musobaqada Osiyoning eng yaxshi murabbiysi sifatida e’tirof etildi.

Sadriddin MUHAMMADIYeV.

Gandbol
Samarqand shahrida gandbol bo‘yicha ayollar o‘rtasida O‘zbekiston chempionatining ikkinchi davra musobaqasi o‘tkazildi.

Toshkent viloyati “OlmaliqAGMK” jamoasi ochkolar bo‘yicha eng yuqori o‘rinda boryapti, Toshkent shahri ikkinchi va Samarqand viloyatining “Bulung‘ur” jamoasi ham yetarlicha ochkoni egallab kelmoqda. G‘olib va sovrindorlar musobaqaning keyingi davrasida ishtirok etadi.

Basketbol

Samarqand shahrida 13-14 yoshlilar o‘rtasida basketbol bo‘yicha viloyat chempionati o‘tkazildi.

Viloyatimizning barcha hududlaridan kelgan 200 nafardan ortiq o‘quvchilar qatnashgan bellashuvda Urgut tumani jamoasi birinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi. Ikkinchi va uchinchi o‘rinlarni Past Darg‘om va Bulung‘ur tumanlari jamoasi egalladi.

Akademik eshkak eshish

Samarqand eshkak eshish kanalida viloyat birinchiligi o‘tkazildi.

Musobaqada 16 yoshdan 19 yoshgacha bo‘lgan 100 nafardan ortiq o‘g‘il-qizlar M1x, JAM1x, M2, JAM2, W2, JW2, yo‘nalishlari bo‘yicha qatnashdi.

Yakkalik va juftlik bahslarida Bekzodjon Sobirov, Asilbek Abdunasimov, Lazizbek Abdurashidov, Oloviddin Mustafoqulov, Baxtiyor Sharifov, Davlatjon Orziqulov, Javohir Erkinov, Murod Qilichev, Ramiz Mustafoyev, Gulmira Fayzullayeva, Sayyora Bobomurodova, Shahlo Annaqulova, Nozima Abdusattarova, Ozoda O‘raqovalar birinchi o‘ringa loyiq ko‘rildi.

Bekzod AHMEDOV.