Sport xabarlari

Futbol

Samarqand shahrida 2007 yilda tug‘ilgan futbol mahorat maktablari o‘quvchilari o‘rtasida O‘zbekiston kubogi bahslari bo‘lib o‘tdi. Unda respublikamizning barcha viloyatlari jamoalari ishtirok  etdi.

Murosasiz kechgan bahs natijasiga ko‘ra, Andijon viloyati jamoasi kubogni qo‘lga kiritdi. Sirdaryo viloyati jamoasi ikkinchi o‘rinni egallagan bo‘lsa, Navoiy viloyati jamoasi uchinchi o‘rin bilan kifoyalandi.

Gandbol

Samarqand shahrida gandbol bo‘yicha 2003-2004 yillarda tug‘ilgan o‘g‘il bolalar va qizlar o‘rtasida O‘zbekiston kubogi musobaqasi bo‘lib o‘tdi.

Musobaqada respublikamizning barcha viloyatlaridan jami 400 nafarga yaqin sportchilar ishtirok etdi.

Qizlar o‘rtasidagi bahslarda viloyatimiz gandbolchilari kubok sohibi bo‘ldi. Andijon hamda Xorazm viloyati jamoalari ikkinchi va uchinchi o‘rinlarni qo‘lga kiritdi.

Dzyudo

Toyloq tumani bolalar-o‘smirlar sport maktabida 12 yoshdan 17 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlar o‘rtasida dzyudo bo‘yicha viloyat chempionati o‘tkazildi.

Bellashuvda Samarqand shahri dzyudochilari eng ko‘p medalga ega chiqdi. Toyloq hamda Past Darg‘om tumani sportchilari ikkinchi va uchinchi o‘rinni egalladi.

Ahror ShAMSIYeV.

Qo‘l jangi

Qashqadaryo viloyatining Qarshi shahrida qo‘l jangi bo‘yicha o‘smirlar va kattalar o‘rtasida O‘zbekiston kubogi musobaqasi o‘tkazildi.

Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar hamda Toshkent shahridan 21 ta jamoaning 600 nafarga yaqin qo‘l jangi ustalari 4 ta vazn toifasida g‘oliblik uchun o‘zaro kuch sinashdi.

Yakuniy natijaga ko‘ra, o‘smirlar o‘rtasidagi bahsda samarqandliklar uchinchi o‘rinni egalladi.

Eslatib o‘tamiz, viloyatimiz qo‘l jangi ustalari shu yilning 19-20 dekabr kunlari Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan “Samarqand viloyati xokimi kubogi-2020” musobaqasiga tayyorgarlik ko‘rmoqda.

Rahimjon QODIROV.