Sport xabarlari

Basketbol

Samarqand shahrida basketbol bo‘yicha o‘g‘il bolalar o‘rtasida O‘zbekiston chempionatining 1-tur musobaqalari o‘tkazildi.
Tur yakuniga ko‘ra, Namangan viloyati jamoasi birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Viloyatimiz basketbolchilari, Samarqand-2 jamoasi ikkinchi va uchinchi o‘rinlarni egalashdi.

Chim ustida xokkey
Samarqand shahrida chim ustida xokkey bo‘yicha erkaklar o‘rtasida O‘zbekiston kubogi musobaqasi bo‘lib o‘tdi.
Murosasiz kechgan bahs yakunida viloyatimiz sportchilari kubok egasi bo‘ldi. Andijon hamda Xorazm viloyati vakillari ikkinchi va uchinchi o‘rinlarni egalladi.

Voleybol
Toyloq tumanida voleybol bo‘yicha o‘smir qiz va o‘g‘il bolalar o‘rtasida viloyat chempionati o‘tkazildi.

Musobaqada shahar va tumanlardan kelgan jamoalar o‘zaro bahs olib bordi. O‘g‘il bolalar bahsi yakunida Samarqand shahar jamoasi birinchi o‘rinni egalladi. Urgut hamda Toyloq tumani voleybolchilariga ikkinchi va uchinchi o‘rinlar nasib etdi. Qizlar bellashuvida nurobodliklarga teng keladigani topilmadi. Urgutlik va toyloqliklar esa ikkinchi uchinchi o‘rinlarni band qildi.

Ahror ShAMSIYeV.

Milliy kurash
Jomboy tumanida 2006-2007 yillarda tug‘ilgan o‘g‘il bolalar o‘rtasida milliy kurash bo‘yicha viloyat chempionati bo‘lib o‘tdi. Unda 150 nafarga yaqin yosh polvonlar g‘oliblik uchun gilamda bel olishdi.

Qiziqarli va murosasiz o‘tgan musobaqa yakunida X.Burxonov, D.Asrorqulov, B.Shodiqulov, J.Karimov, A.Obloqulov, O.Majidov, O.Saydullayev, X.Irisqulov, O.Bozorov, I.Asrorov o‘z vazn toifasida barcha raqiblarini yengib, birinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi.

Mini futbol
Samarqand shahrida maktab o‘quvchilari o‘rtasida mini futbol bo‘yicha viloyat birinchiligi musobaqasi tashkil etildi.

Shahar va tuman maktablari jamoalari maydonda o‘zaro to‘p surishdi. Yakunda Ishtixon tumani jamosi birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Ikkinchi o‘rinni Samarqand shahri futbol akademiyasi jamoasi egallagan bo‘lsa, uchinchi o‘rin Urgut tumani jamoasiga nasib etdi.

Sport gamnastikasi
Viloyat gimnastika bo‘yicha ixtisoslashtirilgan bolalar-o‘smirlar sport maktabida 2007 yilda tug‘ilgan va undan kichik yoshdagi 100 nafarga yaqin maktab o‘quvchilari o‘rtasida sport gimnastikasi bo‘yicha viloyat birinchiligi bo‘lib o‘tdi.

Qizlar o‘rtasidagi bahs yakuniga ko‘ra, Dilnura Ibrohimova, Malika Hoshimova, Anisa Rofiyeva, Sakina Eshboyeva va Iroda Faxriddinova eng yaxshi natija ko‘rsatib, birinchilikni egalladi.
O‘g‘il bolalar bahsida esa Kamron Vohobjonov, Arslon Mo‘minov, Damir Do‘stmurodov, Davlat Yuldoshev, Behruz Narzullayev mahorat bobida raqiblaridan ustun keldi.

Bekzod AHMEDOV.