Sport xabarlari
Boks
Urgut tumanidagi 1-bolalar-o‘smirlar sport maktabi o‘quvchilari Qoraqalpog‘iston Respublikasining To‘rtko‘l tumanida o‘tkazilgan boks bo‘yicha Respublika ochiq turnirida umumjamoa hisobida 6 vaznda ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Jumaladan, Odilshoh Xalimov va Muhammadali Xalimov birinchi o‘rin bilan taqdirlangan bo‘lsa, Elyor Esanov, Muhammadamin Sadrullayev va Ulug‘bek Shomurodov ikkinchi o‘rinni egalladi. Og‘abek O‘lmasov esa uchinchi o‘rin bilan kifoyalandi.
Futbol
Jomboy tumanida O‘zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat, tuman va shahar kengashlari hamda viloyat “Yoshlar kelajagimiz” jamg‘armasi xodimlari o‘rtasida mini futbol bo‘yicha “Do‘stlik spartakiadasi” bo‘lib o‘tdi.
Viloyatimizning barcha hududidan kelgan yoshlarni birlashtirgan futbol bellashuvi yakunida ittifoqning viloyat kengashi jamoasi birinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi. Ikkinchi va uchinchi o‘rinlar bulung‘urlik va payariqlik yoshlarga nasib etdi.
***
Samarqand shahrida AT “Xalq banki”ning viloyat filiali tomonidan “Boshqaruv raisi kubogi-2019” mini futbol sport musobaqasi bo‘lib o‘tdi.
Musoboqada bankning barcha shahar va tuman filiallaridan kelgan 20 ta jamoa olimpiya tizimida g‘oliblik uchun maydonda to‘p surdi. Yakunda “Xalk banki”ning Toyloq tumani filiali birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Ikkinchi va uchinchi o‘rinlar Kattaqo‘rg‘on tuman bo‘limi va Samarqand viloyati bo‘limi jamoalariga nasib etdi.
Musobaqa so‘nggida g‘olib jamoalar Samarqand viloyat futbol assotsiatsiyasi va homiy tashkilotlar tomonidan diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Djit kun do
Samarqand shahrida sportning djit kun do turi bo‘yicha o‘smirlar va kattalar o‘rtasida respublika turniri o‘tkazildi.
Unda respublikamizning barcha viloyatlaridan 250 nafarga yaqin sportchilar g‘oliblik uchun bahsga kirishdi. Samarqandliklar umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni egallagan bo‘lsa, ikkinchi o‘rin Buxoro viloyati sportchilariga va uchunchi o‘rin Toshkent shahridan kelgan mehmon sportchilarga nasib etdi.
Eshkak eshish
Samarqand eshkak eshish kanalida slalomda eshkak eshish bo‘yicha respublika turniri bo‘lib o‘tdi.
Respublikamizning barcha hududidan kelgan 100 nafardan ortiq eshkakchilar bellashuvi yakunida Toshkent shahri eshkakchilari birinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi. Ikkinchi va uchinchi o‘rinlar Namangan va Samarqand viloyati sportchilariga nasib etdi.
Basketbol
Samarqand shahridagi yengil atletika va sportning o‘yin turlariga ixtisoslashtirilgan bolalar-o‘smirlar sport maktabida basketbol bo‘yicha 2005 yilda tug‘ilgan va undan kichik yoshdagi o‘g‘il va qiz bolalar o‘rtasida viloyat chempionati bo‘lib o‘tdi.
Xalqaro basketbol assotsiatsiyasi qoidalariga asosan olimpiya tizimida o‘tkazilgan bahslar yakuniga ko‘ra, qizlar o‘rtasida Jomboy tumanidagi 18-maktab jamoasi birinchi o‘ringa loyiq ko‘rildi. Samarqand shahar 1-son bolalar va o‘smirlar sport maktabi ikkinchi va Toyloq bolalar-o‘smirlar sport maktabi jamoasi uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.
O‘g‘il bolalar o‘rtasidagi bahsda Samarqand ixtisoslashgan bolalar-o‘smirlar sport maktabi jamoasi birinchi o‘rinni egalladi. Samarqand shahridagi 45-maktab hamda Bulung‘ur tumanidagi 23-maktab sportchi-o‘quvchilariga ikkinchi va uchinchi o‘rinlar nasib etdi.
Axror ShAMSIYeV.
Akrobatika
Toshkent shahrida o‘tkazilgan sport akrobatikasi bo‘yicha kattalar o‘rtasidagi XI Osiyo chempionatida 4 nafar samarqandlik gimnastikachilar munosib ishtirok etdi.
Murabbiy Hayrulla Jo‘rayev boshchiligida qatnashgan gimnastikachilar Xushbaxt Isomatov, Foziljon Fayziyev, Murodjon Meliyev, Zuhriddin Abdusalomov ikkinchi o‘rinni egalladi va kumush medal bilan taqdirlandi.
Yunon-rim kurashi
Jizzax shahrida yunon-rim kurashi bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasida O‘zbekiston chempionati o‘tkazildi.
300 nafar yosh kurashchilar bahsida viloyatimiz vakillari Quvonchbek Yaxshiboyev, Jafar Mustafoqulov o‘z vazn toifasida oltin medal bilan taqdirlangan bo‘lsa, Diyorbek Bekturdiyev, Akmal Sharifboyev, Bektemir Normatov bronza medalni qo‘lga kiritdi.
Sport gimnastikasi
Samarqand shahridagi gimnastika bo‘yicha ixtisoslashtirilgan bolalar-o‘smirlar sport maktabida viloyatimizdagi umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 100 nafarga yaqin o‘quvchilari o‘rtasida sport gimnastikasi bo‘yicha musobaqa o‘tkazildi.
O‘zbekiston “Yoshlik” jismoniy tarbiya va sport jamiyati viloyat bo‘limi hamda viloyat gimnastika federatsiyasi hamkorligida tashkil etilgan musobaqa yakunida Samarqand shahri yosh gimnastikachilari eng ko‘p medal jamg‘arib, umumjamoa hisobida 1-o‘rinni egalladi.
Bekzod AHMEDOV.