Sportni sev, sport bilan yasha!

Aralash jang san’ati

Samarqand shahrida sportning aralash jang san’ati bo‘yicha 16-17 yoshdagilar va kattalar o‘rtasida viloyat birinchiligi o‘tkazildi.

Musobaqada 120 yaqin sportchi g‘oliblik uchun bahs olib bordi. Yakunda umumjamoa hisobida Samarqand shahrining ikkita jamoasi birinchi va ikkinchi o‘rinlarni egalladi. Uchinchi o‘rin Past Darg‘om tumanining “Arabxona” jamoasiga nasib etdi.

***

Armrestling

Samarqand shahrida sportning armrestling turi bo‘yicha 2000-2001 yillarda tug‘ilgan o‘g‘il va qizlar o‘rtasida viloyat chempionati o‘tkazildi.

Unda viloyatning barcha shahar va tumanlaridan kelgan 100 nafardan ortiq ishtirokchi kuch va mahoratini ko‘rsatdi.

Bellashuv yakuniga ko‘ra, umumjamoa hisobida Samarqand shahri jamoasi birinchi o‘rinni egalladi. Ikkinchi o‘rin Kattaqo‘rg‘on shahridan kelgan yosh armrestlingchilarga nasib etgan bo‘lsa, nurobodliklar uchinchi o‘rin bilan kifoyalandi.

*** 

Penjak silat

Jomboy tuman bolalar-o‘smirlar sport maktabida penjak silat bo‘yicha sport musobaqasi o‘tkazildi.

100 nafardan ortiq sportchi bellashuvi yakunida urgutliklar eng ko‘p medalga ega chiqdi. Medal jamg‘arish bo‘yicha ikkinchi va uchinchi o‘rinni Jomboy hamda Nurobod tumani sportchilari egalladi.

H.Eltoyev.

*** 

Basketbol

Toyloq tumanida 2006-2007 yillarda tug‘ilganlar o‘rtasida basketbol bo‘yicha viloyat birinchiligi o‘tkazildi.

Musobaqa yakuniga ko‘ra, umumjamoa hisobida Samarqand shahrining o‘g‘il bolalar jamoasi birinchi o‘rin g‘olibi bo‘ldi. Toyloq tumani jamoasi ikkinchi va Bulung‘ur tumani jamoasi uchinchi o‘rinni egalladi.

Qiz bolalar jamoalari o‘rtasidagi bellashuvda ham Samarqand shahri jamoasi birinchilikni qo‘lga kiritdi. Ikkinchi o‘rinni paxtachiliklar egallagan bo‘lsa, uchinchi o‘rin ishtixonliklarga nasib etdi.

***

Kurash

Payariq tuman 2-son bolalar-o‘smirlar sport maktabida mahalla yoshlari o‘rtasida kurash musobaqasi o‘tkazildi.

Tuman prokurori kubogi uchun 80 nafar payariqlik yoshlar g‘oliblik uchun bellashdi. Musobaqa yakuniga ko‘ra, Oqqo‘rg‘on mahallasi yoshlari kubokni oldi. Go‘zal hamda Maniobod mahallasi yosh kurashchilari ikkinchi va uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.

*** 

Taekvando WTF

Bulung‘ur tuman bolalar-o‘smirlar sport maktabida sportning taekvando WTF turi bo‘yicha musobaqa tashkil etildi.

Tuman davlat soliq inspeksiyasi kubogi uchun o‘tkazilgan ochiq chempionatda bulung‘urliklar musobaqa g‘olibi bo‘ldi. Ikkinchi o‘rinni toyloqliklar egallagan bo‘lsa, uchinchi o‘rin Samarqand shahridan borgan sportchilarga nasib etdi.

Bekzod Ahmedov.