SSV: Buxoroda yana 10 nafar bemor sog‘aydi, viloyatda jami shifo topganlar soni 57 nafarga yetdi
Koronavirus pandemiyasi tufayli yuzaga kelgan xavotirli vaziyatda odamlarni quvontiradigan, bemorlarga ishonch baxsh etadigan xayrli xabarlar kundan-kunga ko‘payib bormoqda. Bunda fidoyi tibbiyot xodimlarining mardonavor sa’y-harakati muhim o‘rin tutmoqda.
Buning zamirida esa yurtimizda koronavirus infeksiyasi aniqlangandan to hozirgi kungacha fidoyilik bilan mehnat qilayotgan tibbiyot xodimlarining alohida o‘rni bor.
Bugun Buxoro viloyati ixtisoslashgan tibbiyot muassasasidan 10 nafar koronavirus infeksiyasiga chalingan bemor butkul sog‘aydi. Ular viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi mas’ullari ishtirokida reabilitatsiyaga kuzatildi.
Shifo topganlarning barchasi joriy yil 25 mart kuni charter reys bilan Rossiyadan Buxoroga olib kelingan va karantinga olingan. Koronavirus infeksiyasi tasdiqlangach, viloyat ixtisoslashgan tibbiyot muassasasiga joylashtirilgan. Sog‘ayganlarning 9 nafari erkak, 1 nafari ayol. Ularning 3 nafari Samarqand viloyatidan, 2 nafari Qashqadaryo viloyatidan, Toshkent shahri, Navoiy, Surxondaryo, Jizzax va Andijon viloyatlaridan esa 1 nafardan. Ular orasida eng yoshi kattasi 55 yoshda bo‘lsa, eng yoshi kichigi 19 yoshda.
Buxoro viloyati bo‘yicha shu paytga qadar 47 nafar bemor sog‘aygan bo‘lsa, endilikda ular 57 nafarga yetdi.
Ayni paytga qadar mamlakatimiz bo‘ylab koronavirus infeksiyasidan jami 204 nafar bemor to‘liq sog‘aydi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi
Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi.