SSV koronavirus aniqlangan joy va shaxslar haqida ma’lumot berdi. Ular orasida samarqandlik usta va bank xodimi ham bor
So‘nggi kunlarda yurtimizda aholi orasida koronavirus infeksiyasi qayd etilish holatlariga e’tibor qaratsak, qator hududlardagi ko‘plab tashkilotlarda faoliyat yurituvchi xodimlarda kasallik qayd etilayotganining guvohi bo‘lishimiz mumkin.
Raqamlarga murojaat etadigan bo‘lsak, 14 iyun kuni yurtimizda koronavirus tasdiqlangan 114 nafar bemordan 27 nafari aholi orasida aniqlangan bo‘lsa, 15 iyun sanasida esa koronavirus qayd etilgan 183 nafar bemordan 29 nafari aholi orasida tasdiqlangan. Ikki kunlik ma’lumot, ham umumiy kasallanishda, ham aholi orasida koronavirusga chalinish holatlari dinamikasida o‘sish kuzatilayotganini ko‘rsatmoqda.
15 iyun kuni aholi orasida koronavirus aniqlanish holatlarini hududlar kesimida ko‘radigan bo‘lsak, Toshkent shahridan 25 nafar, Samarqand viloyatidan 3 nafar, Xorazm viloyatidan 1 nafarni tashkil etgan.
Shu o‘rinda eng ko‘p kasallik qayd etilgan Toshkent shahriga to‘xtalib o‘tsak. Jumladan, Olmazor tumanida yashovchi “Chorsu” buyum bozori sotuvchisida (ishxonadan so‘ralgani uchun profilaktika maqsadida tahlil topshirgan), shu tumanda yashovchi yana uch nafar fuqaroda: “Smart xaus” xususiy qurilish firmasi dasturlovchisida (ishga borish uchun tahlil topshirgan), respublika ixtisoslashtirilgan Onkologiya va tibbiy radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga davolanishga yotish uchun tahlil topshirgan bemorda hamda tana harorati ko‘tarilganligi sababli shifoxonaga borib tahlil topshirgan fuqaroda, shuningdek, Sergeli tumani Xonobod mahallasida qurilayotgan ko‘p qavatli uylarning loyiha boshqaruvchisi hamda shu tumandagi maktab o‘quvchisi (tana harorati ko‘tarilgan va oilaviy poliklinika uchastka shifokoriga murojaat qilgan) va uning onasida koronavirus tasdiqlangan.
Bundan tashqari, Shayxontohur tumanida yashovchi, Toshkent kimyo texnologiyalari instituti talabasida (tomog‘ida og‘riq bo‘lgan, tez tibbiy yordam xizmati orqali yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqizilgan), shu tumanda yashovchi, “Orzu” fabrikasi bog‘bonida (tana harorati ko‘tarilgani bois tahlil topshirgan), Chilonzor tumanida yashovchi fuqaroda (holsizlik, yo‘tal to‘xtamaganidan keyin shifoxonaga borib, tahlil topshirgan), “Poytaxt” savdo majmuasi kiyim do‘koni sotuvchisida hamda Tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy bankining Uchtepa tumani filiali mutaxassisida ham kasallik qayd etilgan.
Shuningdek, Samarqand viloyati Toyloq tumani Charog‘bon MFYdagi avtomashinalarni ta’mirlash ustasi (tana harorati ko‘tarilganligi sababli namuna olingan), “Hamkorbank”ning Urgut filiali xodimida (mazkur moliya muassasasining barcha xodimlaridan profilaktik maqsadda namuna olingan), ushbu tumanda qandli diabet kasalligi bo‘yicha davolanishga yo‘llanma olish uchun namuna olingan bemorda ham koronavirusga chalingani ma’lum bo‘ldi.