SSV: ShHT sammiti mehmonlariga zaruriy tez tibbiy yordam ko‘rsatish uchun "1303" qisqa raqamli Sall-markaz xorijiy tillarda xizmat ko‘rsatadi
Shanxay hamkorlik tashkilotining navbatdagi sammiti doirasida mamlakatimizga tashrif buyuradigan chet ellik rasmiy delegatsiya vakillari va mehmonlarga zarur holatlarda sifatli tez tibbiy yordam ko‘rsatish uchun Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan Samarqand shahrida tunu kun faoliyat ko‘rsatuvchi "1303" qisqa raqamli Sall-markaz faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Bu haqda vazirlik axborot xizmati xabar tarqatdi.
Bu yerda mutaxassislar tomonidan ingliz, rus va xitoy kabi xorijiy tillarda tibbiy murojaatlar qabul qilinadi.
Shuningdek, zarurat tug‘ilganda, tarkibida deyarli barcha ixtisosliklar bo‘yicha mutaxassislar jamlangan 50 ta tibbiy brigada ShHT sammiti delegatsiyalari a’zolariga xizmat ko‘rsatish uchun shay holatga keltirilgan.
Bundan tashqari, har bir delegatsiya vakillaridan Samarqand shahridagi mehmonxonalarga joylashishidan oldin koronavirusga qarshi PZR testlari olinadi.
Shu maqsadda sammit ishtirokchilari va mehmonlar joylashadigan mehmonxonalarning har birida tibbiy mobil guruhlar tashkil etilgan.