Stadion va sportzalda bankirlar

Yigirma kun davom etgan sport musobaqalarida 18 ta tijorat banki, Markaziy bank va inkassatsiya Samarqand viloyat boshqarmalarining 500 nafardan ortiq xodimlari o‘zaro bahs olib bordi.
Bugun mini futbol bo‘yicha bo‘lib o‘tgan final o‘yinida "Oriyent-finans bank" va Markaziy bank viloyat bosh boshqarmasi futbol jamoalari maydonda to‘p surishdi. Yakunda Markaziy bank viloyat bosh boshqarmasi jamoasi birinchi o‘rinni egallab, "Markaziy bank kubogi"ni qo‘lga kiritdi.
Voleybol bo‘yicha inkassatsiya boshqarmasi jamoasi, stol tennisining erkaklar bahsida "Kapitalbank" xodimi O.Turimov, ayollar bellashuvida "Oriyent-finans bank" xodimi Ye.Aksyonova, shaxmatda "Trastbank" xodimi I.Yodgorov, "Agrobank" xodimi G.Majidova, shashka musobaqasida inkassatsiya boshqarmasi xodimi N.Axatov, "Savdogarbank" xodimi M.Nuritdinova birinchi o‘rinni egalladi.
O‘tkazilgan 5 ta sport turi bo‘yicha g‘olib va sovrindorlar diplom hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Musobaqaning yopilish marosimida Samarqand viloyati hokimining o‘rinbosari Sh.Xudoyberdiyev ishtirok etdi.
Husan ELTOYeV.