Xitoy bilan hamkorlikda kasb-hunar markazlari tashkil etiladi

Viloyat hokimi o‘rinbosari Oybek Hamrayev boshchiligidagi viloyatimiz delegatsiyasi Xitoyda bo‘lib turibdi. Tashrif davomida vakillarimiz Urumchi partiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari - Urumchi shahar hokimi Yoqup Paydulla bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvda ikki hudud o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va madaniy-gumanitar hamkorlikni yanada kengaytirish, hududlararo aloqalarni mustahkamlash, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, ayniqsa, qishloq xo‘jaligi, turizm, sanoat va logistika yo‘nalishlarida hamkorlikni chuqurlashtirish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, delegatsiyalar o‘rtasida tajriba almashish, xususiy sektorlar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni yo‘lga qo‘yish, o‘zaro investitsiya imkoniyatlarini o‘rganish va amaliy natijadorlikni oshirish yuzasidan aniq taklif va tashabbuslar bildirildi.
Vakillarimiz Urumchi kasb-hunar kollejida bo‘lib, ta’lim dargohining faoliyati, moddiy-texnik bazasi, o‘quv dasturlari, zamonaviy ta’lim metodikalari va ishlab chiqarish bilan integratsiyalashgan tizimi faoliyati bilan tanishdi. Xitoylik hamkorlar bilan viloyatimizda zamonaviy kasb-hunar markazlarini tashkil etish, o‘qituvchilar malakasini oshirish, o‘quvchi-yoshlarni amaliyot bilan bog‘lash bo‘yicha kelgusidagi hamkorlik yo‘nalishlari muhokama qilindi.
Urumchi shahrining Tyanshan tumani hokimi hamda ushbu hududning yetakchi tadbirkorlari bilan biznes uchrashuvda tomonlar o‘zaro iqtisodiy hamkorlik istiqbollarini, xususan, Samarqand viloyati va Urumchi shaharlari o‘rtasida savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish, ikki hudud tadbirkorlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni yo‘lga qo‘yish, qishloq xo‘jaligi, qurilish, turizm, kasb-hunar va logistika yo‘nalishlarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish kabi masalalarni muhokama qildilar.
Tadbir davomida viloyat hokimi o‘rinbosari O.Hamrayev tomonidan xitoylik tadbirkorlarga Samarqandning iqtisodiy salohiyati, investitsion imkoniyatlari va davlat tomonidan investorlarga berilgan imtiyozlar haqida batafsil ma’lumotlar berildi.
Viloyat investitsiya va savdo boshqarmasi axborot xizmati.