Til o‘rganish kelajak uchun tikilgan sarmoya

Til o‘rganish “moda” emas, zaruratga aylandi. Til bilmoqlik yangi imkoniyat, yangi fikr, yangi do‘stlar demakdir. Ayniqsa, bugungi globallashuv davrida bitta til bilan cheklanib qolish o‘zini o‘zi chegaralashga o‘xshaydi. Ish topishdan tortib, internetdan to‘laqonli foydalanish, xorijda o‘qish yoki sayohat qilishgacha - bularning barchasi til o‘rganishni taqozo etyapti.

Masalaning qiziq jihati shundaki, til o‘rganish nafaqat foydali, balki aqlni charxlaydi, xotirani mustahkamlaydi, hatto kayfiyatni ko‘taradi. Olimlarning aytishicha, bir nechta tilni bilish miyani faollashtiradi. Masalan, bir necha tilni biladigan odamlarning xotirasi kuchayadi. Bunday kishilar altsgeymer kasalligi deyarli uchramaydi. Boshqacha aytganda, til o‘rganish xuddi sport kabi aqlning mashqiga o‘xshaydi.

Ajdodlarimiz ham til o‘rganishning samarisini amalda isbotlaganlar. Abu Rayhon Beruniy, Ibn Sino, Abu Bakr Kosoniy o‘nlab tillarni mukammal bilgan. Ular til bilishni shunchaki emas, tafakkurni boyituvchi vosita sifatida bilishgan. Navoiy forsiy va turkiyda bir xil ijod qilgan, yoza olgan.
Til bilish boshqa xalqning urf-odatlari, madaniyatini ham o‘rganish, degani. Ingliz tilida “challenge” degan so‘z bor. U bizda “muammo”, “qiyinchilik” degan ma’noni anglatadi. Aslida bu so‘zda salbiy emas, ijobiy ma’no – “sinov”, “imkoniyat” aks etadi.

Ba’zilar “yoshligimda o‘rganmadim, endi kech bo‘ldi”, deb o‘ylaydi. Bu xato fikr. Til o‘rganish kechikadigan jarayon emas. Hatto 70 yoshida ingliz tilini o‘rganishni boshlagan kishilarimiz bor. Muhimi, kishida harakat, qiziqish va sabr bo‘lsa, kifoya.

Bugun ingliz, rus, turk, koreys tillarini bilish zaruratga aylandi. Chunki bu tillar yordamida ish topish, xorijda o‘qish yoki onlayn bilim olish oson. Biroq unutmaslik kerakki, ona tilini yaxshi o‘zlashtirmagan odam boshqa tilni o‘rganish qiyin kechadi.
Xulosa o‘rnida aytganda, til o‘rganish kelajagimiz uchun tikilgan sarmoya. Bu sarmoya esa hech qachon yo‘qolmaydi, eskirmaydi, o‘g‘irlanmaydi.

Murod ShAMSIDDINOV,
SamDChTI o‘qituvchisi.