Abduqodir Husanov “Manchester Siti”da nega maydonga tushirilmayapti?

O‘zbekiston milliy terma jamoasi va Angliyaning “Manchester Siti” klubida to‘p surayotgan himoyachi Abduqodir Husanov keyingi paytda klub safidagi o‘ndan ortiq o‘yinda maydonga tushgani yo‘q.

Quyida shu haqda fikrlarim bilan o‘rtoqlashaman.

Husanov dastlab Angliyaga normal darajada, o‘ta harakatchan, kamtar futbolchi sifatida kirib kelgani tarixiy voqea bo‘ldi. Hatto bosh murabbiy Gvardiolaning ham Abduqodir haqidagi ilk fikrlari professionallik va kamtarlik bilan bog‘landi. Bu futbolchi uchun juda muhim jihatlar. Albatta, Husanov hozir ham shunday, bunga shubha yo‘q.

Biroq yosh futbolchining faoliyatiga boshqa omillar ham ta’sir o‘tkazmay qolmadi. Abduqodir Husanov O‘zbekistonga kelganida bir qator reklamalarda xizmat qildi. Undan sochini tekislashdan tortib, to‘yi uchun kiyim reklamasiga qadar foydalanildi. Media-tadbirlarda nafaqat futbolchi, balki oila a’zolari ham tinch qo‘yilmadi.

Sportchi andishasi va tarbiyasi sabab, yon-atrofida izg‘ib yurgan, hatto futbolni uncha yaxshi tushunmaydigan, eshikdan haydasa teshikdan kirib keladigan, faqat shaxsiy manfaatini ko‘zlaydigan ba’zi bir blogerlarga yo‘q deya olmadi. Bu jarayonda yosh futbolchiga qimmatbaho sovg‘alar ham berildi. Albatta, o‘z vaqtida mashg‘ulotlarda ishtirok etmagan, hordiq chiqara olmagan futbolchi faoliyatida biroz pasayish kuzatildi. Ya’ni, milliy jamoa tarkibida Eronga qarshi bahsda eng past ball oldi. Bu klubdagi o‘yinda ham ta’sirini ko‘rsatgach, Husanov zaxiraga olindi.

«Manchester Siti»ning oxirgi o‘yinlarida Husanov zaxirada qolavergach, muxlislarimizda xavotir kuchayib bormoqda. Bu esa o‘z navbatida turli taxminlarni keltirib chiqardi. Ijara, transfer, murabbiy bilan kelishmovchilik va hokazo.

Ijtimoiy tarmoqlarda Husanovda hozir jismoniy jihatdan muammo, pasayish, bosh murabbiy Gvardiola bilan hech qanday shaxsiy va professional darajada ziddiyat yo‘qligi, aksincha, Pep mashg‘ulotlarda doimiy tarzda unga e’tibor qilishi, pozitsiyasi bo‘yicha taktik ko‘rsatmalar berishi aytildi. Aytish joizki, Husanov jamoasi keyingi o‘yinlarda muvaffaqiyatsiz odimlayotgani bois, murabbiy futbolchilar o‘rtasida rotatsiyalarni amalga oshirdi.

Jumladan, yosh himoyachi O‘Rayli chap qanotda ketma-ket uchrashuvlarda gollar va assistlar qayd etgach, Yoshko Gvardiol markazga o‘tkazildi. Diash lider sifatida markaziy o‘ng himoyachi sifatida harakat qildi. Pep shu variantni qo‘llagach, Siti qatorasiga yutishni boshladi. Albatta, jamoa barcha o‘yinlarni yutib turganda, buning ustiga Chempionlar ligasi uchun jiddiy kurash kechayotgan bir paytda, yana temp yuqori bo‘lgan Angliya chempionatida murabbiy tavakkal qilolmaydi, ya’ni futbolchilarni almashtirmaydi.

Xullas, endi yulduzga aylanayotggan yosh futbolchining hayotidagi ortiqcha narsalar, mashhurlik uning faoliyatiga qanchalik ta’sir qilganini ko‘rdik va bu bizga, boshqa yosh sportchilarimizga dars bo‘lishi kerak. Abduqodir Husanovga kelsak, unda hali imkoniyat bo‘ladi. U yosh, serharakat, shijoatli. Bu holatda murabbiy ham, futbolchi ham, muxlislar ham faqat mos sharoit va vaqtni kutadi.

Sevinch Xolbekova.