“Statistika faoliyati samaradorligi indeksi”da O‘zbekiston 62-o‘ringa ko‘tarildi
Jahon banki tomonidan mamlakatlarning statistik salohiyatini o‘rganish va baholab borish maqsadida ishlab chiqilgan “Statistika faoliyati samaradorligi indeksi” (Statistical Performance Indicators — SPI)ning 2023 yil natijalari keng jamoatchilikka e’lon qilindi.
Unga ko‘ra, O‘zbekiston mazkur xalqaro reytingda 80,3 ball to‘plab, dunyoning 217 ta mamlakati orasidan 62-o‘rinni egalladi. O‘zbekiston MDH mamlakatlari orasida 4-o‘ringa ko‘tarilgan.
2022 yil natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston mazkur xalqaro reytingda 74,1 ball to‘plab, 79-o‘rinni egallagan edi.
Mazkur indeks mamlakatning statistik salohiyati, erishayotgan yutuqlari va milliy statistika tizimini rivojlantirish borasida olib borayotgan islohotlari natijalarini aks ettiradi.
Xususan, 2023 yil yakunlari bo‘yicha O‘zbekistonning “Statistika faoliyati samaradorligi indeksi”da 62-o‘ringa ko‘tarilishiga xizmat qilgan omillar:
- milliy statistika tizimiga sifatni boshqarishning ilg‘or tizimlari GSBPM va GSIMlarning joriy etilishi;
- BMT Barqaror rivojlanish maqsadlari (BRM) global indikatorlari asosida Milliy Barqaror rivojlanish maqsadlari (BRM) indikatorlarini shakllantirilishi va doimiy e’lon qilib borilishi;
- milliy va xorijiy foydalanuvchilar uchun rasmiy statistika ma’lumotlarining maksimal darajada ochiqligi va shaffofligini, shu jumladan, respublikaning ijtimoiy-iqtisodiy ko‘rsatkichlari xalqaro statistik to‘plamlarda va ma’lumotlar bazalarida aks ettirilishi;
- O‘zbekistonda milliy hisoblar zamonaviy tizimi «MHT-2008»ning amaliyotga to‘liq joriy etilishi shular jumlasidan.