Inklyuziv ta’lim – bolalar tengdoshlarini yaxshi qabul qilishdi
2020 yilda alohida ta’limga muhtoj bolalar to‘la layoqatga ega tengdoshlari bilan bir safda o‘qitilish bo‘yicha tajriba-sinov ishlari boshlangan edi. Shu tariqa maktab hayotiga inklyuziv ta’lim degan atama kirib keldi.
Natijada maktab partalarida imkoniyati cheklangan bolalar o‘z tengdoshlari bilan birga ta’lim ola boshladi. O‘tgan 4 yil ichida ming mashaqqatlar bilan bunday bolalarga dars berayotgan o‘qituvchilar bora-bora bu samimiy va beg‘ubor bolakaylarni hamma o‘quvchilaridan ko‘proq yaxshi ko‘rib qoldilar.
To‘g‘ri, ular bilan ishlash oson emas, ba’zan hatto ota-onalari tilini topolmay qiynaladigan bu qorako‘zlarning mehrini qozongan ustozlarimizga qancha tahsin aytsak oz. Ana shunday fidoyi ustozlarimizdan biri Samarqand shahridagi 81-umumta’lim maktabi boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi Muhayyo Dehqonovadir. Mana, 4 yildirki, bu jonkuyar ustoz ta’lim rus tilida olib boriladigan boshlang‘ich sinfga rahbarlik qiladi. Ushbu sinfda tahsil olayotgan uch nafar ana shunday mehr va e’tibortalab bolalarga ham dars berib keladi. Ustozdan namuna olgan sinfning qolgan 37 nafar o‘quvchisi ham o‘z tengdoshlarining orqada qolib ketmasliklari uchun harakat qiladilar.
Qilinayotgan mehnat va sa’y-harakatlar, albatta, besamar ketmadi. O‘quvchilarning ruhiyati, aqliy va jismoniy o‘sishida ijobiy natijalar kuzatila boshladi. Tajribali o‘qituvchi Muhayyo Dehqonovaning ayni yo‘nalishdagi tajribalari respublika miqyosida ommalashtirildi. Sohada ko‘rsatgan fidokorona mehnati uchun joriy yilda “Xalq ta’limi a’lochisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi. E’tirof va e’tibordan ruhlangan ustoz yaqinda yangi bir loyihaga qo‘l urdi. O‘z sinfidagi o‘quvchilaridan iborat teatr truppasi tuzdi. Ushbu teatr jamoasi maktab o‘quvchilari uchun turli sahna namoyishlari, musiqiy kechalar va ertaklar sahnalashtira boshladi. Teatr a’zolari tarkibida alohida e’tiborga muhtoj bolajonlar ham ishtirok etmoqda. Yaqinda ushbu jajji aktyorlar jamoasi o‘zbek xalq ertagi “Zumrad va Qimmat”ning rus tilidagi talqinini sahnaga qo‘ydi. Maktab o‘quvchilari va mahalla ahli spektaklni katta olqish va ko‘zlarida yosh bilan qarshi oldi. Ayniqsa, o‘quvchilar talqinidagi Zumrad, Qimmat, sehrgar, o‘gay ona va qushchalar obrazlari katta olqish bilan kutib olindi.
Darhaqiqat, xayrli islohotlar o‘zining shu tariqa ijobiy natijasini bermoqda. Eng muhimi, tajribalarning farzandlarimiz kelajagi uchun foydali bo‘lgan jihatlarini olib, hayotga tatbiq qila bilishda.
Feruza TOG‘AYeVA,
Samarqand shahridagi 81-umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘qituvchisi.