“Sohibqiron Temur” jamoasi harbiylikka tayyor ekanligini ko‘rsatdi
Nurobod tumanidagi “Sazag‘on” dala o‘quv maydonida Markaziy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni kubogi uchun “Vatanparvar” harbiy-sport musobaqasi o‘tkazildi.
Dastlab Markaziy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni, polkovnik A.Saidov hamda Samarqand viloyat hokimining harbiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi A.Raimjonov bu kabi musobaqalar yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashi, chiniqtirishi hamda harbiylikka tayyorlashi mumkinligi haqida gapirdi va ishtirokchi o‘quvchilarga omad tiladi.
Shundan so‘ng musobaqaning quyi bosqichi - barcha shahar va tumanlarida g‘olib bo‘lgan 16 jamoa besh shart bo‘yicha o‘zaro bahs olib bordi. Xususan, jamoalar “Mohir mergan”, “Harbiy estafeta”, “Jabrlanuvchiga birinchi yordam ko‘rsatish”, “Safda qo‘shiq aytish”, “Temur tuzuklari bilimdoni” shartlarida o‘z mahoratlarini ko‘rsatishdi.
Murosasiz kechgan bellashuv yakunida Paxtachi tumanidagi 18-umumiy o‘rta ta’lim maktabining “Sohibqiron Temur” jamoasi kubokka ega chiqdi. Shuningdek, ular musobaqaning respublika bosqichi, ya’ni “Mudofaa vaziri kubogi” bahsida ishtirok etish yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.
Ikkinchi o‘ringa Kattaqo‘rg‘on shahridagi 17-umumiy o‘rta ta’lim maktabining “Temur vorislari” jamoasi sazovor bo‘ldi. Uchinchi o‘rin Past Darg‘om tumanidagi 1-umumiy o‘rta ta’lim maktabining “Lochin” jamoasiga nasib etdi.
Tadbir yakunida Samarqand shahridagi 41-umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘quvchisi Saida Xayrullayeva “Temur tuzuklari bilimdoni”, Kattaqo‘rg‘on shahridagi 17-maktab o‘quvchisi Furqat Zayniddinov “Eng kuchli sportchi”, Past Darg‘om tumanidagi 1-maktab o‘quvchisi Shohjahon Husanov “Mohir mergan”, Samarqand shahridagi 41-maktab o‘quvchisi Ilhomjon Dostonov “Jabrlanuvchiga birinchi yordam ko‘rsatish”, Narpay tumanidagi 66-maktab o‘quvchisi Kamoliddin Jo‘rayev “Safda qo‘shiq aytish” sharti bo‘yicha eng yaxshi natija ko‘rsatgani uchun alohida taqdirlandi.
Husan Eltoyev.