Oliy harbiy ta’lim muassasalarida bitiruv tadbirlari bo‘lib o‘tdi
Kecha, 27 iyun kuni Mudofaa vazirligi oliy harbiy ta’lim muassasalarida navbatdagi bitiruv marosimlari bo‘lib o‘tdi. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlar akademiyasi, Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurti, O‘zbekiston Respublikasi oliy harbiy aviatsiya bilim yurti, Mudofaa vazirligi Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy instituti hamda Toshkent tibbiyot akademiyasi huzuridagi Harbiy tibbiyot fakulteti bitiruvchilariga tantanali sur’atda diplom hamda ko‘krak nishonlari berildi.
Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirlar yurtimizda joriy etilgan karantin qoidalariga amal qilingan holda o‘tkazildi.
Unda Mudofaa vazirligi rahbariyati va mas’ul ofitserlari, Qurolli Kuchlar faxriylari, senatorlar, deputatlar, shoir-yozuvchilar va bitiruvchilarning yaqinlari ishtirok etdi.
Tadbirlarda so‘z olganlar yosh leytenantlarning kelgusi faoliyatlariga muvaffaqiyat tiladi.
Mudofaa vazirining buyrug‘iga muvofiq, har bir bitiruvchi – leytenantning xizmat o‘tash joyi, harbiy qismlarda tayinlangan lavozimi oliy harbiy ta’lim muassasalari rahbarlari tomonidan o‘qib eshittirildi.
Bitiruv tantanasida harbiy xizmatchilarning ko‘rgazmali chiqishlari va musiqiy dasturlar namoyish etildi.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti.