Samarqanddagi 4 ta maktabda harbiy-vatanparvarlik yo‘nalishidagi ixtisoslashtirilgan sinflar tashkil etildi

Yosh avlodni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularning bu boradagi qiziqish va intilishlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida maktablarda harbiy-vatanparvarlik yo‘nalishiga ixtisoslashtirilgan sinflar tashkil etish davom etmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 17 apreldagi “Umumiy o‘rta ta’lim va ixtisoslashtirilgan maktablarda harbiy-vatanparvarlik yo‘nalishiga ixtisoslashtirilgan sinflar faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qaroriga asosan Xalq ta’limi vazirligi va O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasining 2020 yil 5 maydagi 24/23-son qo‘shma qarori qabul qilindi. Ushbu qo‘shma qaror ijrosini ta’minlash maqsadida viloyat xalq ta’limi va Samarqand viloyati bo‘yicha Milliy gvardiya boshqarmalarining 2020 yil 16 maydagi 8-qq va 123-sonli qo‘shma buyruqlari chiqarildi.

Shu asosda viloyatda 4 ta: Samarqand shahridagi 1- va 43-ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabida, Kattaqo‘rg‘on shahridagi 11- va Oqdaryo tumanidagi 45-ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktablarida harbiy-vatanparvarlik yo‘nalishiga ixtisoslashtirilgan sinflar tashkil etildi.

Ixtisoslashtirilgan sinflarga maktablarning 6-sinfini muvaffaqiyatli yakunlagan, chuqurlashtirib o‘qitish belgilangan o‘quv fanlaridan muayyan qobiliyatini ko‘rsata olgan o‘g‘il va qiz bolalar tanlov natijalari asosida joriy yilning 1 — 20 iyul kunlari qabul qilinadi.

Ixtisoslashtirilgan sinflarda o‘quvchilarda harbiy burch va harbiy xizmatni ado etishda zarur bo‘ladigan professional harbiy va ijodiy ko‘nikmalarni shakllantirishga alohida e’tibor qaratiladi. Ta’lim oluvchilarni «Temurbeklar maktabi», harbiy-akademik litseylari va O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi harbiy-texnik instituti hamda boshqa oliy harbiy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishi uchun maqsadli va yo‘nalishli fanlarni chuqurlashtirilgan  holda o‘qitish orqali tayyorlanadi.

Qo‘ldosh SAIDOV,

Samarqand viloyati xalq ta’limi boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i.