Samarqand garnizonidagi maktablarda harbiy vatanparvarlik xonalari tashkil etilmoqda (foto, video)
Markaziy harbiy okrug qo‘mondonligi, Samarqand viloyati hokimligi hamda xalq ta’limi boshqarmasi tomonidan viloyatdagi 1214 ta maktabda harbiy vatanparvarlik va o‘quv qurollarini saqlash uchun maxsus xonalar tashkil etilmoqda.
Markaziy harbiy okrug matbuot xizmatining xabar berishicha, endilikda eskicha qolip va yondashuvlardan butunlay voz kechilib, maktablarda yoshlarni chaqiruvga qadar tayyorlash fani xonasi maxsus vositalar bilan jihozlandi. Bundan bir necha yil oldin mamlakatimizning barcha hududlaridagi maktablarda 10, 11-sinflar tugatilishi bilan o‘quv qurollari va harbiy aslahalar maketlari hamda qurollardan o‘q otish xonalari yig‘ishtirib olingandi.
Keyingi ikki yilda “Xalq va armiya yakdil” degan shior o‘z ma’nosida ishlatila boshlandi. Harbiy texnikalar paradi o‘tkazildi, armiya kuch-qudrati namoyish etilib, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash tizimi yo‘lga qo‘yildi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 24 oktyabrdagi 868-sonli qaroriga muvofiq, maktablarda maxsus harbiy vatanparvarlik xonalari tashkil etilib, 90 turdagi o‘quv ko‘rgazmali harbiy qurol va aslahalar bilan ta’minlanadigan bo‘ldi.
Bungacha maktablarda chaqiruvga qadar tayyorlash fanlari uchun 10-sinf o‘quvchilariga 68 soat va 11-sinflarga 51 soat vaqt ajratilib, darslar ko‘rgazmali vositalarsiz nazariy tashkil etilar, yakunda esa 3 kunlik dala yig‘ini o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan bo‘lsa-da, tashkil etilmasdi. Endilikda mazkur jarayon Mudofaa ishlari boshqarmasi va bo‘limlari tomonidan nazorat qilinadi.
Shuningdek, ayni paytda viloyatdagi maktablarda Vatan himoyasi yo‘lida jon fido etgan o‘g‘lonlarga bag‘ishlangan jasorat oynasi tashkil etilmoqda.