Maktablarda inklyuziv ta’lim joriy qilinadi

Prezidentimizning 2020 yil 13 oktyabrda “Alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalarga ta’lim-tarbiya berish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Bu haqda "Huquqiy axborot" kanali xabar berdi.

Qaror bilan 2020-2025 yillarda xalq ta’limi tizimida inklyuziv ta’limni rivojlantirish konsepsiyasi va uni 2020-2021 yillarda amalga oshirish bo‘yicha "yo‘l xaritasi" tasdiqlandi.

Qarorga muvofiq, 2021/2022 o‘quv yilida tajriba-sinov tariqasida:

- shaharlarda va Toshkent shahrining tumanlarida joylashgan bittadan maktablarda inklyuziv ta’lim joriy qilinadi;

- Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida joylashgan bittadan maktabda alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalar uchun boshlang‘ich tayanch korreksion sinflar ochiladi;

Shuningdek, 2021/2022 o‘quv yilidan:

- ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalarida majburiy o‘rta ta’lim 11 yillik (intellektual rivojlanishida nuqsonlari bo‘lgan bolalar uchun (yordamchi) maktablar, maktab-internatlarda 9 yillik) muddatda amalga oshiriladi;

- ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalarining 10-11 sinf (intellektual rivojlanishida nuqsonlari bo‘lgan bolalar uchun (yordamchi) maktablar, maktab-internatlarda 8-9 sinf) o‘quvchilari uchun kasbga o‘qitish kurslari tashkil etiladi va bitiruvchilarga sertifikat beriladi.

- 2021 yil 1 yanvardan ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalarining rahbar xodimlariga mehnatning alohida sharoitlari uchun har oyda to‘lanadigan ustama haqi bazaviy tarif stavkasining 100 foizi miqdorida to‘lanadi.

O‘quvchilarni kasb-hunarga yo‘naltirish va psixologik-pedagogik respublika tashxis markazi qoshida uning belgilangan shtat birliklari doirasida “Inklyuziv ta’lim laboratoriyasi” tashkil etiladi.

Mazkur laboratoriyaning asosiy vazifalaridan biri maktablarda inklyuziv ta’lim uchun shart-sharoitlar yaratish, inklyuziv ta’lim berishning sifati va samaradorligini aniqlash mezonlarini ishlab chiqish hamda ularning bajarilishini nazorat qilish hisoblanadi.